AsosiySiyosat

O`zbekiston strategiyasi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini umumiy porloq kelajak g`oyasi atrofida jipslashtirishga qaratilgan

'O`zbekiston strategiyasi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini umumiy porloq kelajak g`oyasi atrofida jipslashtirishga qaratilgan'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 15–16 iyul sanasida Toshkent shahrida O`zbekiston tashabbusi bilan “Markaziy va Janubiy Osiyo o`zaro mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusi ostida xalqaro konfensiya bo`lib o`tishi kutilmoqda. 

Shu munosabat bilan mazkur yuqori doiradagi tadbir mazmun–mohiyati va undan ko`zlangan maqsad–muddaolar haqida O`zbekiston Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti Aziz Karimov o`z fikrlarini bildirdi. 

Mutaxassisning ta`kidlashicha, kutilayotgan tadbir bugungi kunda nafaqat milliy matbuot diqqat-e`tibori ostida turibdi, balki mintaqa va dunyo ommaviy axborot vositalari, ekspert va siyosiy doiralari nigohi ham ushbu voqeaga qaratilgan.

Buning boisi, fikrlarini izohlaydi ekspert, kutilayotgan yuqori doiradagi tadbir ikki yirik, shiddat bilan o`sayotgan va madaniy-tarixiy jihatdan bir-biriga yaqin bo`lgan mintaqalarni umumiy iqtisodiy kelajak g`oyasi atrofida mustahkam jipslashtirishga qaratilgan. 

Aziz Karimovning ta`kidlashicha, voqealar rivojining bunday tus olishi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun yangi o`sish nuqtalarini vujudga keltirib, mintaqalardagi iqtisodiy manzarani tubdan o`zgartirib yuboradi. 

"Chunki ikki mintaqa o`rtasida ishga solinmagan ulkan hamkorlik salohiyati mavjud. Jumladan, Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi dunyo bilan savdo ayirboshlash xajmi 1,4 trillion dollarni tashkil etsa, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi savdo ko`rsatkichlarining umumiy xajmi 170 milliard dollarga yaqin. Lekin ikki mintaqa o`rtasidagi mahsulot ayirboshlash umumiy xajmi 6 milliard dollarga etmaydi.

Mazkur holat turizm yo`nalishida ham yaqqol ko`zga tashlanadi. Bunga misol sifatida ekspert O`zbekistonning Janubiy Osiyo davlatlari bilan sayyohlik sohasidagi hamkorligining hozirgi darajasini keltirib o`tdi. 

Uning taqdim etgan ma`lumotlariga ko`ra, 2019-2020 yillarda O`zbekistonga tashrif buyurgan Janubiy Osiyo sayyohlarining umumiy soni 125 ming kishini tashkil etdi. Bunday ko`rsatkich bu davrda O`zbekistonga tashrif buyurgan turistlar umumiy sonining 1,5%inigina tashkil etadi",  - deb fikrlariga izoh berdi ekspert.

Shu o`rinda transport–tranzit yo`nalishini SMTI vakili eng istiqbolli soha deb hisoblaydi. Uning fikricha, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Transafg`on” transport yo`lagi nafaqat ikki mintaqani bog`laydi, balki Markaziy Osiyo mamlakatlariga jahon bozorlariga chiqish uchun qo`shimcha imkoniyat yaratib beradi. Umuman olganda madaniy sivilizasion va tarixiy mushtaraklikka asoslangan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiyaviy va investision hamkorlik keng makromintaqaviy hududda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta`minlash uchun yangi shart-sharoitlar va ulkan imkoniyatlar yaratishi mumkin. Bu esa o`z navbatida, yaqin istiqbolda Markaziy Osiyo davlatlari hududi Janubiy Osiyo uchun Evroosiyo mintaqasi ulkan bozoriga chiqish uchun muhim bo`g`in vazifasini bajarishi muqarrar. 

Bundan tashqari, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini ikki mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotgan xavflarni birgalikda bartaraf etish kabi mushtarak manfaatlar birlashtirib turadi. Shu ma`noda, kutilayotgan anjuman umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda kurash tizimi asoslarini barpo etish uchun yo`l ochib beradi

"Shu boisdan O`zbekiston tashabbusi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari munosabatlarining yangi tarixida burilish nuqtasini yasashga qodir", - deb fikrlarini yakunladi A.Karimov. 

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar