1

Korrupsiya sodir qilgan shaxslar davlat xizmatiga qabul qilinmaydi

Jamiyat 08.07.2021, 21:29
Korrupsiya sodir qilgan shaxslar davlat xizmatiga qabul qilinmaydi

“Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo`lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni korrupsiyaga qarshi kurashish barchaning ishi ekanligini yana bir bor anglatib, o`zida bir qator qat`iy vazifalarni belgiladi.

Farmonda davlat xizmatchilarining ijtimoiy paketini qanday qilib kuchaytirish mumkin, ularning oylik maosh deklarasiyasini ko`rib chiqish ishlarini olib borishning tartibi va korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirishda jamoatchilik ishtiroki qanday bo`lishi kerakligi o`z ifodasini topgan.

Farmonga muvofiq, “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reestri” yuritiladigan bo`ldi. Reestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanishi belgilandi:

Xususan, davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;

saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarning ko`rsatilishi;

davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a`zoligiga kiritilishi;

ularning tadbirkorligi davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi;

davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo`lgan tashkilotlar hamda davlat ta`lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi;

davlat xizmatchilari daromadlari va mol-mulki deklarasiya qilinishi belgilangandi.

Farmonga ko`ra, 2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o`rinbosarlari, ularning turmush o`rtog`i va voyaga etmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklarasiya qilish tizimi joriy etiladi.

Deklarasiyani berishdan bosh tortish va qasddan noto`g`ri ma`lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va javobgarlikka sabab bo`ladi.

2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisob raqamlarini ochish, naqd pul mablag`larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo`lish taqiqlanadi.

Mansabdorning o`z shaxsiy manfaati majburiyatlarini ob`ektiv va xolis bajarishiga ta`sir ko`rsatuvchi yoki ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan vaziyatlar manfaatlar to`qnashuvi hisoblanadi.

Manfaatlar to`qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo`yicha chora ko`rmaganlik javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqiladi:

Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro`yxatini belgilash;

Korrupsiyaviy jinoyatlarga jazoni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;

daromadlar va mol-mulkni deklarasiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o`rnatish;

korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga engillashtiruvchi normalar qo`llanilishiga cheklovlar belgilash nazarda tutilib, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadigan bo`ldi.

Bundan tashqari, bir vaqtning o`zida “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinishi hamda 2021 yil 1 oktyabrgacha korrupsiya, manfaatlar to`qnashuvi asosida tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlikda qatnashishi huquqiy oqibatlarini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilandi.

2021 yil 1 oktyabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo`lga qo`yiladi.

2021 yil 1 avgystdan davlat xaridlari sohasidagi tenderlar natijalari ochiq e`lon qilinadi hamda davlat xaridlarida hamkorlar (kontragentlar)ni tekshirish tartibi ishlab chiqiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil
1 dekabrdan har yil yakuni bo`yicha korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting e`lon qilib boriladi.

2021 yil 1 dekabrgacha daromad va mol-mulk deklarasiyalari bo`yicha ma`lumotlar bazasi shakllantiriladigan bo`ldi.

2021 yil 1 oktyabrgacha davlat mablag`lari hisobiga qurilish-pudrat shartnomasi uchun o`tkaziladigan tanlovlar “Shaffof qurilish” tizimi ma`lumot almashinuvini ta`minlagan holda davlat xaridlari bo`yicha maxsus axborot portalida elektron tarzda amalga oshiriladi.

2022 yil 1 yanvargacha avtomobil yo`llari sohasiga tegishli ma`lumotlarni o`z ichiga oladigan “SHAFFOF YO‛L” onlayn axborot platformasi ishga tushiriladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilari muntazam korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha o`qitiladigan bo`ldi.

Ya`ni davlat xizmatchilari maxsus o`quv kurslarida “halollik vaksinasi” tamoyili asosida, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to`qnashuvi, odob-axloq qoidalari bo`yicha o`qitiladi. Davlat xizmatchilarini o`qitish tartibi quyidagicha bo`ladi. Tuman darajasida hududiy adliya bo`limlarida, viloyat darajasida hududiy oliy ta`lim muassasalarida, respublika darajasida davlat boshqaruvi akademiyasida amalga oshiriladi.

Naima Yadigarova,
Namangan viloyat adliya boshqarmasi bo`lim boshlig`i

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1