Bu haqdagi taklif Prezidentning Toshkentdagi 21-Mehribonlik uyiga tashrifi dorasida aytib o`tilgan.
Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasi bor. Ularda 1 ming 823 nafar o`g`il-qiz yashab, o`qimoqda. 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming 363 nafar bola tarbiyalanmoqda.
"Mehribonlik uyida sharoitlar yaxshi. Lekin bolalar bilan yakka tartibda ishlash, ularni kasbga yo`naltirish talab darajasida emas. Tarbiyalanuvchilarning 18 yoshdan keyingi mustaqil hayoti, oliy ma`lumot olishi va bandligiga ko`maklashuvchi mas`ul idora yo`q.
Shu bois davlat rahbari barcha Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi mas`ulligiga o`tkazish taklifini bildirdi.
Bu muassasalarning moddiy homiysi bor, ma`naviy homiy kerak. Bu ham savob, ham kerakli ish, – aytib o`tgan Shavkat Mirziyoev.
Ushbu muassasalar, sinov tariqasida, Milliy gvardiya mas`ulligiga o`tkazilishi belgilandi. Bolalarga ixtisoslashgan ta`lim berish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo`yicha metodika yaratish vazifasi qo`yildi. Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni fan, san`at va sport tashkilotlari bilan bog`lab, tarbiyalanuvchilarning qobiliyatini rivojlantirish muhimligi ta`kidlandi", — deyiladi xabarda.