Ma`lum bo`lishicha, hozirda mamlakatimiz fuqarolarining xorijga chiqish oldidan lisenziyaga ega bo`lmagan laboratoriyalardan “COVID-19” uchun qalbaki PZR-test natijalarini sotib olish hollari kuzatilmoqda.
Aeroportda yoki qo`shni mamlakatlar bilan chegaradosh hududlarda ushbu testlarning QR-kodlari tekshirilganda, qalbaki ekani aniqlanmoqda.
“O`zbekiston havo yo`llari” Matbuot xizmati xabariga ko`ra, mamlakatdan chiqib ketish uchun faqatgina jo`nash vaqtidan 72 soat oldin amalga oshirilgan PZR-testining “salbiy” natijasi o`z kuchiga ega bo`ladi.
Yurtimiz hududidagi PZR-test topshirish uchun lisenziyaga ega bo`lgan laboratoriyalar ro`yxati Cog`liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida taqdim etilgan
"Fuqarolarimizdan bu borada e`tiborliroq bo`lishni va quyida keltirilgan test natijalari originalini qalbakisidan ajratishni hamda qalbaki natijalarni sotib olmasliklarini so`rab qolamiz",–deyiladi SSV xabarida.
Eslatib o`tamiz, bunday holatlar aniqlansa, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasiga ko`ra, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atiladi.
Hamyurtlarimiz qalbaki PZR-test natijalarini sotib olib, O`zbekiston chegarasidan chiqib ketgan taqdirda ham o`zga davlat aeroportlarida qo`lga tushib, qaytib deport qilinadi. Shu bilan birga, ular jinoiy javobgarlikka ham tortiladi.
Shuningdek, Rossiyaga O`zbekiston hududidan chiqib ketayotgan fuqarolar uchun 2021 yilning 1 sentyabridan “Puteshestvuyu bez COVID” (“COVID”siz sayohat qilaman”) ilovasidan foydalanish majburiy bo`ladi. Ilovaning funksionalligi shundaki, u Rossiyadagi mas`ul shaxslarga ham har qanday smartfonda standart QR-kod yordamida test natijalarini tekshirish imkonini beradi.
Ushbu ilova ham mamlakatimizda tasdiqlangan laboratoriyalar ro`yxatini o`z ichiga oladi. Test natijalari va ularning QR-kodlarini fuqarolarning o`zlari bevosita ilovada saqlab qolish imkoniyatiga ega bo`ladilar.