O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA) tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” media-dasturidan o`nlab loyihalar qatorida O`zbekiston madaniy merosini asrash, o`rganish va ommalashtirish bo`yyicha Butunjahon jamiyatiining navbatdagi V Kongressini o`tkazish ham o`rin olgan.
O`zEOAVMA hamda Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligida mazkur kongressga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha ishchi yig`ilish o`tkazildi. Unda Butunjahon jamiyati a`zolari, O`zEOAVMA mas`ul xodimlari, tegishli tashkilot va muassasalalar vakillari ishtirok etdi.
Ta`kidlanganidek, Butunjahon jamiyati bir necha yildan beri dunyoning turli burchaklarida, muzeylar, kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar, turli ilmiy tadqiqot muassasalarida saqlanayotgan O`zbekiston madaniy merosining noyob durdonalarini o`rganish, ular haqidagi ma`lumotlarni keng jamoatchilikka etkazish bilan shug`ullanadi. Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatidan 300 nafarga yaqin sharqshunos, san`atshunos, tarixchi va etnograf olimlarni o`zida jamlagan mazkur jamiyat tomonidan bir necha yildan beri keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan.
Mazkur jamiyat O`zbekiston madaniy merosini o`rganish bo`yicha faoliyat olib boruvchi yuzlab mahalliy va xorijiy olimlarning tashabbusi bilan 2017 yilda ta`sis etilgan, o`sha yilning 15-17 may kunlari Toshkent va Samarqandda “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” shiori ostida birinchi xalqaro kongress o`tkazilgan edi. Kongressda so`nggi yillarda madaniy merosimizni tadqiq etish borasida qo`lga kiritilgan yutuqlar, yangi tadqiqotlar namoyish qiliindi. Bu kabi xalqaro anjumanlar muntazam tus oldi.
Butunjahon jamiyati kongresslari 2018 yilda Sankt-Peterburg, 2019 yilda Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida, 2020 yilda Toshkent shahrida o`tkazildi.
O`tgan yillar davomida Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” turkumidan 35 ta kitob-albom zamonaviy matbaa texnologiyalari asosida, o`zbek, rus va ingliz tillarida chop etildi. Mazkur albomlarning har biri bitta yo`nalishga qaratilgan bo`lib, O`zbekiston hududida yaratilgan, o`zbek xalqining bunyodkorligi va tafakkuri evaziga dunyoga kelgan madaniy yodgorliklar haqidagi qimmatli ma`lumotlar, fotosuratlar, audiovizual ma`lumotlarni o`z ichiga oladi.
Shu bilan birga o`tgan vaqt mobaynida turli muzeylar, kutubxonalar, madaniyat va ma`rifat maskanlaridagi bebaho durdonalarimiz haqida bir qator hujjatli filmlar suratga olindi. Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Fransiya, Hindiston singari mamlakatlarda O`zbekiston madaniy merosini targ`ib etishga bag`ishlangan media-iventlar, ko`rgazma va taqdimotlar o`tkazildi.
Mazkur yig`ilishda ta`kidlanganidek, bu yilgi beshinchi kongress navbatdagi “Madaniy meros haftaligi” doirasida 14-17 sentyabr kunlari, Toshkent, Xiva va Nukus shaharlarida o`tkaziladi. Haftalik dasturidan o`ndan ortiq ko`rgazmalar, konferensiyalar, taqdimotlar, madaniy ma`rifiy tadbirlar, mamlakatimizning tarixiy obidalari bo`ylab sayohatlar o`rin olgan. Ayni paytda butun dunyoda kechayotgan pandemik vaziyatni hisobga olgan holda, kongress tadbirlari karantin tartib-qoidalariga izchil amal qilgan holda o`tkaziladi. Ayni paytga qadar dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 140 nafarga yaqin olim va mutaxassislar kongressda ishtirok etish niyatini bildirishgan.
Yig`ilishda so`zga chiqqan Butunjahon jamiyati va O`zEOAVMA boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Butunjahon jamiyati a`zosi, san`atshunoslik fanlari doktori, professor Elmira Gyul, O`zEOAVMA bosh direktori J.Safoev, O`zEOAVMA Bosh direktori o`rinbosari R.Jabborov, “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyihasi koordinatori E.Soboleva va boshqalar kongressga munosib tayyorgarlik ko`rish va uni yuqori saviyada o`tkazish bilan bog`liq masalalar yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.