AsosiySalomatlik

Buqoq qanday kasallik? Shifokor javob berdi

'Buqoq qanday kasallik? Shifokor javob berdi'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bergan ma`lumotlarga ko`ra, Er yuzi bo`yicha 665 milliondan ortiq odam endemik bo`qoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. 1,5 milliard inson esa yod tanqisligi xastaliklari rivojlanish xavfiga ega. Ushbu kasalliklar orasida buqoq keyingi yillarda dunyoning aksariyat mamlakatlari, shu qatorda O`zbekiston uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Xo`sh, ushbu xastalikning paydo bo`lishiga qanday omillar sabab bo`ladi?  

Uning salomatlikka xavfi nimada?  

SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasini bajaruvchi Feruza Xaydarovaga murojaat qildi.

— Buqoq qanday xastalik?

 — Inson bo`ynining old qismida shaklan kapalakni yodga soluvchi qalqonsimon bez joylashgan bo`lib, ushbu tana a`zosi asab tizimi faoliyati, ovqat hazm qilish, suyak to`qimalari va moddalar almashinuvida muhim o`rin tutadi.

 Qalqonsimon bez o`zidan 3 xil gormon ajratib, ular tananing normal o`sishi, etilishi, rivojlanishini ta`minlaydi, oshqozon-ichak kabi organlarning bir me`yorda ishlashiga ko`mak beradi. Agar ularning qaysi birini sintez qilish jarayonida muammolar kuzatilsa, bu o`z-o`zidan inson tanasida jiddiy kasalliklarga yo`l ochadi.

Buqoq ushbu bezning kattalashishi hisoblanib, (normal holatda qalqonsimon bezning vazni 20-30 gramm) kasallik asosan yod etishmasligi sababli yuzaga keladi. Yod tanqisligiga esa insonning turmush-tarzi, ovqatlanishi, stress, ekologik vaziyat va yana bir qancha omillar sabab bo`lishi mumkin.

Inson tanasida yod tanqisligi kuzatilganda, qalqonsimon bez hujayralarga kam miqdorda yod yuboradi. Buning oqibatida esa gormonlar sintezi kamayadi va organizm bu jarayonni bir maromga keltirish uchun bosh miya gipofizi orqali ta`sir o`tkazadi. Natijada qalqonsimon bez kattalashib, buqoq kasalligi rivojlanadi.  

Surunkali yod etishmasligi va qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi zehnning susayishi, depressiya, teri qurishi, soch to`kilishi, qabziyat, ich ketishlar, bepushtlik, jinsiy faoliyatning susayishi, suyak rivojlanishining o`zgarishi, past bo`ylik va osteporoz, gipertoniya va ateroskleroz kabi xastaliklarga sabab bo`ladi.

— Buqoq kasalligining turlari haqida aytib o`tsangiz.

— Tibbiyotda buqoqning asosan, endemik va sporadik turlari mavjud. Jumladan, endemik buqoq qalqonsimon bezning jadal kattalashishi bilan xarakterlanib, ushbu xastalik ko`pincha atrof-muhitda yod etishmasligi, okean va dengizlardan uzoqda joylashgan (O`zbekiston shular jumlasidan) hududlarda ko`p uchraydi. Endemik buqoqning diffuz, tugunli va aralash turlari mavjud.

— Kasallikning asosiy belgilari qanday?

— Buqoqning ilk bosqichlarida uning eng kichik belgilari ham sezilmaydi. Biroq keyinchalik bo`yinning oldi qismi bo`rtib chiqadi. Natijada kattalashgan qalqonsimon bez asab va qon tomirlarini ezib qo`yadi. Bu orqali bemorda nafas qisilishi, ovozning birdaniga o`zgarib qolishi va xirillashi, bo`g`ilishlar, ko`p terlash, yutinishdagi qiyinchiliklar, bosh aylanishi kabi salbiy holatlar kuzatiladi.  

Shu bilan birga, asab tizimida buzilishlar sodir bo`ladi, kayfiyat tez-tez o`zgaradi, tanadagi barcha jarayonlar sekinlashadi, ayniqsa, oshqozon-ichak faoliyati buziladi.

Afsuski, ko`pchilik insonlar o`zlarida bu kasallik rivojlanayotganiga jiddiy e`tibor bermaydi. Biroq mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, bu xastalikka beparvo bo`lish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar