“Yolg`onning umri qisqa”, degan ibora hammamizga yaxshi tanish. Haqiqatan ham bu gapda yuz foiz jon bor. Yolg`on ishning qachondir misi chiqib, boshqalarni aldamoqchi bo`lgan odamning yuzi shuvut bo`lib qoladi. Quyidagi voqeamiz qahramoni ham o`z qilmishini yolg`on bilan berkitmoqchi bo`ldi. Ammo bu ishning uddasidan chiqolmadi...
O`ziga-o`zi pichoq urdi
Sudlanuvchi Nizom Ro`ziev (ismi-shariflar o`zgartirilgan) paynet do`konida ishlab turib, ushbu do`kon kassasidagi MChJ rahbari Najot Tashboevga tegishli bo`lgan 6.000.000 so`m miqdordagi naqd pullarni paynet orqali, ijtimoiy tarmoqdagi virtual o`yiniga yutqazib qo`yadi. Bu pullarni qaytara olmasligini bilib, do`kondagi shkaf tortmasida turgan pichoq bilan o`zining qorin sohasiga tan jarohati etkazadi. Keyin Toshkent shahar IIBBning “102” raqamiga go`yoki noma`lum shaxs unga pichoq bilan tan jarohati etkazib, do`kon kassasidagi 6.000.000 so`m pullarni bosqinchilik yo`li bilan tortib olganini aytib, yolg`on xabar beradi.
“Yolg`on xabar berish jinoyat ekanligini bilmaganman”
Sudlanuvchi Nizom Ro`ziev sudda ayblovga to`liq iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma`lum qildi:
— 2020 yilning oktyabr oyidan beri shu paynet do`konida ishlab kelaman. Vazifam uyali aloqa kompaniyasiga tegishli sim kartalarni, uyali telefon apparatlari uchun turli aksesuarlarni sotish, kartalarni faollashtirish va avtotransport vositalarini sug`urta qilishdan iborat edi. Voqea sodir bo`lgan kuni har doimgidek soat 08.40 da ishga keldim, shu kuni kechgacha do`kon kassasida taxminan 6 million so`mga yaqin pul yig`ildi. Buni ko`rib, menda uni aylantirish, yutsam, ustidan qolgan pulni o`z foydamga ishlatish fikri tug`ildi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi virtual o`yinga mazkur pullarni tushirdim. Ya`ni bu o`yinga pul tikib, hisobdagi 6 million so`mni yutqazib qo`ydim. Bundan jahlim chiqib, telefonimdagi o`yinni o`chirib tashladim. Shuncha pulni joyiga qaytarib qo`ya olmasligimni tushunib, qo`rqib ketdim. “Endi do`kon egasiga nima deyman?” degan o`y tinchlik beramadi. Shundan keyin noma`lum shaxs kelib, pichoqlab, pullarni olib ketdi, deyman, deb reja tuzdim. Shkaf tortmasida turgan pichoqni olib, chap biqinimga tiqdim. Pichoq tig`i taxminan 1,5 sm.lar kirganidan keyin qornimdan qon sizib chiqa boshladi. Buni ko`rib, do`kon egasi Najot Toshboevga, keyin onamga qo`ng`iroq qilib, tuzgan rejam bo`yicha noma`lum shaxs hujum qilib, pullarni olib ketganini aytdim. Shundan so`ng do`kon egasi va otam do`konga etib kelishdi. Najot Toshboev mening so`zlarim bo`yicha “102” ga qo`ng`iroq qildi. Otam meni zudlik bilan kasalxonaga olib ketdi, u erda besh kun davolandim. Surushtiruv davomida IIB xodimlariga yolg`on ko`rsatma berdim. Yolg`on gapim tez orada fosh bo`ldi. Bu ishni 6 million so`mni qaytara olmasligimdan qo`rqib, qildim. Jinoyat haqida bilib, ammo yolg`on xabar berish ham jinoyat ekanligini bilmaganman. Avvalari ham ijtimoiy tarmoqlarda turli xil o`yinlarni o`ynab, yutqazib qo`ygan holatlarim bo`lgan. Oilamiz moddiy jihatdan yaxshi, ya`ni pulga muxtojlik joyim bo`lmay o`sganman. Hozirda qilgan ishimdan afsusdaman, oliy ta`lim muassasasi talabasi ekanligimni, qilgan ishimdan pushaymonligimni inobatga olib, engilroq jazo tayinlashingizni so`rayman.
Hukm o`qildi
Nizom Ro`ziev JKning 237-moddasi, 2-qismining “a,g” bandlarida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi va shu moddaga JKning 57-moddasini qo`llab, unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Akmal Mirzaxonov, jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudi rais o`rinbosari, Lola Shoimova jurnalist