30 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Suhbat avvalida Belarus etakchisi O`zbekiston Prezidenti va ko`p millatli xalqini yurtimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbari, o`z navbatida, Belarus Prezidentini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Ko`p qirrali O`zbekiston-Belarus hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tovar ayirboshlash ko`rsatkichlari yuqori sur`at bilan ortib borayotgani, ikki mamlakat etakchi korxona va kompaniyalari, ta`lim muassasalari o`rtasida muvaffaqiyatli kooperasiya amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo`lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, shu jumladan Belarus tomoni raisligidagi MDH sammitiga tayyorgarlik ko`rish masalalari ko`rib chiqildi.