Joriy yilning 30 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Islom taraqqiyot banki Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuv chog`ida hamkorlikning bugungi holati, qo`shma loyihalar amalga oshirilishi, shuningdek, O`zbekiston va ITB o`rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kichik va o`rta biznesni qo`llab-quvvatlash, ta`lim, infratuzilmaviy qurilish, sog`liqni saqlash va qishloq joylarda hayot sifatini yaxshilash sohalarida 6 ta yangi investisiya loyihasini kelishish borasida ishlarni faollashtirish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Xususiy sektorni rivojlantirish bo`yicha Islom korporasiyasi, Xalqaro Islom savdo-moliya korporasiyasi hamda Investisiyalar va eksport kreditlarini sug`urtalash Islom korporasiyasi kabi ITB va uning sho``ba tashkilotlarining O`zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga urg`u bergan holda qo`shma loyihalar portfelini kengaytirishga oid o`zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligi bildirildi.
Bundan tashqari, tomonlar joriy yilning 1 sentyabridan 4 sentyabriga qadar Toshkentda bo`lib o`tadigan ITB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik anjumaniga tayyorgarlik ko`rish ishlarini muhokama qildilar. ITB Prezidenti anjuman va u bilan bog`liq tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilayotgani uchun O`zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Uning qayd etishicha, mazkur tadbir xalqaro hamjamiyat hamda ITBga a`zo mamlakatlarning ishbilarmonlik doiralari vakillarida katta qiziqish uyg`otdi: hozirgi paytga kelib uchrashuvda ishtirok etish uchun 2 mingdan ortiq kishi ro`yxatdan o`tgan va ularning soni o`sishda davom etmoqda. Tadbirda Bankka a`zo 57 mamlakatdan 2500 dan ortiq vakillar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot institutlari vakillari qatnashishlari kutilmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar o`zaro munosabatlarning muhokama qilingan yo`nalishlari doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirish yo`llarini belgilab oldilar.