O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan telefon orqali muloqot qildi.
Amirliklar Vise-prezidenti davlatimiz rahbari va O`zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.
Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi, 2019 yil mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo`yicha erishilgan kelishuvlarning bajaralishi holati ko`rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, energetika, transport-kommunikasiya va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikning natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Masdar kompaniyasi bilan birgalikda O`zbekistondagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi muvaffaqiyatli qurilgani va ishga tushirilgani ta`kidlandi.
Birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan ta`lim va gumanitar almashinuv dasturlari faol ilgari surilmoqda. Mamlakatimizda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi tadbirlar doirasida Toshkent shahrida Hukumat akseleratori ofisi o`z ishini boshladi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.






