Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida maktab o`quvchilari o`rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo`lganligi haqidagi xabar ostida voyaga etmaganlar ishtirokidagi janjal aks etgan video tarqaldi. Mazkur videotasvir yuzasidan Toshkent shahar IIBB ma`lumot berdi.
Xabarda aytilishicha, videoda aks etgan holat “Maktab” nomli serialni suratga olish jarayonidagi holat bo`lib, avgust oyining oxirlarida Mirzo Ulug`bek tumanida tasvirga olingan. Senariy bo`yicha maktab o`quvchilari o`rtasidagi janjal vaqtida o`quvchilardan birining ukasi himoya qilishi kerak bo`lgan kadr aks etgan. Serialni suratga olishga jalb etilgan aktyorlardan biri ushbu jarayonni o`zining telefoniga tasvirga olib, internet tarmog`ida joylashtirgan.
"Hurmatli fuqarolar! Sizlardan tekshirilmagan ma`lumotlarni tarqatmasligingizni, o`z sahifangizda obunachilarni yoki ko`rish hajmini ko`paytirish maqsadida shov-shuv uyg`otuvchi videolar ostida yolg`on xabarlarni yozmasliklaringizni so`raymiz",–deyiladi IIBB axborotida.