AsosiySiyosat

Tatariston Prezidenti O`zbekiston delegasiyasini qabul qildi

'Tatariston Prezidenti O`zbekiston delegasiyasini qabul qildi'ning rasmi

9 sentyabr kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov Qozon shahrida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovni qabul qildi.

Unda Tatariston tomondan Respublika Bosh vaziri o`rinbosari Marat Zyabbarov, Davlat turizm qo`mitasi raisi Sergey Ivanov, Rossiya Federasiyasi Tashqi ishlar vazirligining Qozon shahridagi vakili Radik Vaxitov, Sport vazirining birinchi o`rinbosari Xalil Shayxutdinov va savdo-sanoat vaziri o`rinbosari Geman Lerner, O`zbekiston tomondan – mamlakatimizning Tataristondagi Bosh konsuli Farid Nasriev, Milliy Olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va Toshkent viloyati hokimi o`rinbosari Jamshid Babadjanov ishtirok etdi.

Tatariston Prezidenti yuqori darajali barcha tashriflar, hukumatlararo va idoralararo doimiy uchrashuvlar O`zbekiston hamda Tatariston o`rtasidagi samarali va barqaror hamkorlikning yorqin dalili ekanini ta`kidlab, O`zbekiston delegasiyasining Qozon shahriga tashrifi buni yana bir bor tasdiqlashini qo`shimcha qildi.

Rustam Minnixanov O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga Tatariston Respublikasi  bilan hamkorlikka bo`lgan e`tibor va qo`llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Bizning o`zaro aloqalarimiz va qo`shma loyihalarimiz O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yo`naltirilgan. Ikki mamlakat prezidentlari tomonlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratishda davom etish muhim deb hisoblaydilar”, - dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti.

Shu bilan birga, Rustam Minnixanov joriy yilning iyul oyida O`zbekistonga amalga oshirgan tashrifi hamda O`zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvini iliqlik bilan yodga oldi.

Tatariston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligi ostida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mahalliy aholi hamda xorijiy sayyohlarga yaqqol sezilayotganini alohida qayd etdi.

Aziz Abduhakimov, o`z o`rnida, O`zbekiston-Tatariston o`rtasida ko`p tomonlama, xususan turizm, madaniy meros va sport sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish haqida so`z yuritdi va bunda xalqaro tadbirlarning o`rni nihoyatda muhim ekanini ta`kidladi.

Qabul doirasida Rustam Minnixanov o`zbekistonliklarni kelgusida Tataristonda o`tkazilishi kutilayotgan sport tadbirlarida ishtirok etishga chaqirdi.

“Biz yirik sport tadbirlarini o`tkazish bo`yicha katta tajribaga egamiz. Yaqin yillarda Tataristonda qator yirik xalqaro sport tadbirlari o`tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda o`zbekistonlik ishtirokchilarni ko`rishdan juda xursand bo`lamiz”, - dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar