Bugun, 11 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O`zbekistonga Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining OAV bo`yicha Markaziy Osiyo konferensiyasida ishtirok etish uchun kelgan EXHTning OAV erkinligi masalalari bo`yicha vakili Tereza Ribeyruni qabul qildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Uchrashuv davomida O`zbekiston va EXHTning OAV erkinligi bo`yicha byurosi o`rtasida so`nggi yillarda o`rnatilgan ochiq va ishonchli muloqot mamnuniyat bilan qayd etildi. So`z erkinligini ta`minlash va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish sohasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qat`iy niyat bildirildi.
EXHT vakili O`zbekistonda mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo`yicha olib borilayotgan sa`y-harakatlarni yuqori baholadi va OAV erkinligi bo`yicha byuro bu jarayonni har tomonlama qo`llab -quvvatlashini tasdiqladi.
Tomonlar, shuningdek, so`z va fikr erkinligi tamoyillarini himoya qilish va ilgari surish, OAV sohasida qonun ijodkorligi bo`cha ilg`or xorijiy tajribani o`rganishda OAV erkinligi bo`yicha byuro tomonidan ko`maklashishga oid hamkorlikning dolzarb yo`nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.






