AsosiyMadaniyat

“O`zbekiston madaniy merosi – yangi renessans asosi” V xalqaro kongressi ishtirokchilari Shavkat Mirziyoevga murojaat yo`lladi

'“O`zbekiston madaniy merosi – yangi renessans asosi” V xalqaro kongressi ishtirokchilari Shavkat Mirziyoevga murojaat yo`lladi'ning rasmi

"Biz, “O`zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” V Xalqaro kongressi ishtirokchilari, O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati a`zolari – madaniyat arboblari, fan va maorif xodimlari, jurnalistlar, kinematografchilar, turli mamlakatlar va tashkilotlarning vakillarimiz, lekin barchamizni Siz rahbarlik qilayotgan mamlakat – O`zbekiston Respublikasi madaniy merosi va tarixiga  umumiy qiziqish va muhabbat birlashtirib turibdi",–deyiladi “O`zbekiston madaniy merosi – yangi renessans asosi” V xalqaro kongressi ishtirokchilarining O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga yo`llagan murojaatida.

Bu yil O`zbekiston salmoqli sana – mustaqilligining 30 yilligini nishonladi. Yubiley o`ziga xos natijalarni sarhisob qilish va kelajakdagi ustuvor vazifalarni  belgilab olish uchun sabab bo`ldi. Mamlakatda, shu jumladan, fan va madaniyat sohasida amalga oshirgan keng ko`lamli va tub islohotlar borasida tutgan yo`lingizni to`liq qo`llab-quvvatlaymiz.

O`zbekistonda uchinchi Renessans uchun sharoit yaratishga qaratilgan milliy g`oya, avvalo puxta o`ylangan madaniy siyosatga asoslangani chuqur hurmatga loyiq. Aynan madaniyat mamlakatning tiklanishiga, jamiyat ma`naviyatining yuksalishiga, odamlarning, ayniqsa, yosh avlodning vatanparvarligini tarbiyalashga asos bo`ladi. O`zbekistonda milliy madaniyat sohasidagi tizimli islohotlar tufayli qadimiy yodgorliklarni keng miqyosda tiklash va o`rganish ishlari olib borilmoqda, ilmiy va ma`rifiy ishlar yangi turtki olmoqda, xalq ijodiyoti hamda nomoddiy merosni asrab-avaylash davlat darajasida qo`llab-quvvatlanmoqda.

Mamlakatning bu merosni asrab-avaylashga qaratilgan siyosati chindan ham tahsinga sazovor. So`nggi yillarda u keskin o`zgarishlarga duch keldi. Bu Sizdan beqiyos  ulkan kuch talab qilgani rost. Sizning ajdodlar yutuqlariga, ularning tajribasini saqlab qolish va takomillashtirishga bo`lgan shaxsiy e`tiboringiz va hurmatingiz hammamiz uchun namunadir.

Siz har yili ilmiy kuchlarni birlashtirishga qaratilgan noyob tashabbuslar bilan chiqasiz. Bu yil mazkur tashabbus Toshkent, Xiva va Nukusda Butunjahon jamiyatining «O`zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» V Xalqaro kongressi hamda «Markaziy Osiyo jahon sivilizasiyalari chorrahasida» Xalqaro anjumanini birlashtirgan Madaniy meros haftaligini o`tkazish bilan bog`liq. Ushbu Haftalik davomida, Sizning tashabbuslaringiz tufayli, biz amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qildik va istiqboldagi rejalarni kelishib oldik. 

Biz, dunyoning turli mamlakatlari – Evropa, Osiyo va Amerikadan kelgan mutaxassislar, Sizning bu sohadagi noyob tashabbuslaringizni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyormiz. O`zbekistonning madaniy merosini o`rganish sohasida ish olib borar ekanmiz, har birimiz O`zbekiston hududida bronza davridan boshlab, qadim zamonlardan buyon rivojlanib kelgan eng boy madaniyatning qadr-qimmatiga ishonamiz. Bu mamlakatning eng boy ma`naviy va moddiy merosi jahon sivilizasiyasi uchun abadiy qadriyatdir.

Anjuman biz uchun merosni o`rganish va asrab-avaylash jarayonini yangi zamonaviy bosqichga olib chiqadigan yangi g`oyalar va maqsadlarga turtki bo`ldi. Butunjahon jamiyati Sizning tashabbuslaringizni qo`llab-quvvatlashga astoydil intiladi. So`nggi yillarda bizning Jamiyat yuzlab nashriyot, tadqiqot, ommaviy axborot vositalari va ilmiy-ma`rifiy loyihalarni, jumladan, «O`zbekiston madaniy merosi» turkumidagi ellik jildli rasmli kitob-albomlarninashr etish bo`yicha keng ko`lamli loyihani amalga oshirdi. Davlat ko`magi tufayli bu jildlar har biri o`n ming nusxada nashr etiladi hamda O`zbekistonning ilmiy va o`quv muassasalariga, shu jumladan umumta`lim maktablariga tekin tarqatiladi. Dunyo muzeylaridagi O`zbekistonning madaniy merosi haqida hikoya qiluvchi ushbu turkum ustidagi ishlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish, ilmiy anjumanlar o`tkazish, meros yodgorliklarini o`rganish bilan bog`liq boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda. Sizni ishontirib aytamizki, biz avvalgidek mamlakatingiz merosini asrab-avaylashga o`z hissamizni qo`shishga tayyormiz.

Umid qilamizki, bizning tajribamiz, kuchimiz, O`zbekistonning madaniy tiklanishiga  yordam berishga ishtiyoqimiz Siz olib borayotgan islohotlarga, yangi Renessans davriga, O`zbekiston xalqlarining baxti va farovonligiga hissa qo`shadi! 

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, ko`p qirrali faoliyatingizda, mamlakatni isloh qilish, Yangi O`zbekistonni yaratish borasidagi ulkan va muhim ishingizda yangidan yangi yutuqlar tilab qolamiz! 

O`zbekiston Respublikasi xalqlariga farovonlik va tinchlik tilaymiz! 

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati a`zolari,

«O`zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» V Xalqaro kongressi ishtirokchilari

2021 yil, 14 sentyabr, Toshkent shahri.

Boshqa yangiliklar