Vodiy viloyatlari bo`ylab tashrifini davom ettirayotgan Shavkat Mirziyoev bugun Andijon viloyatida bo`lib turibdi. “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar qilishicha, andijonliklar bilan uchrashuv chog`ida prezident o`z nutqini viloyatning eng dolzarb masalalari bo`lgan uy-joy, suv va tibbiy xizmatga bo`lgan ehtiyojlar haqida boshlab, bu borada yaqin yillarda qilinishi kutilayotgan echimlar haqida gapirdi.
Uy-joy va suv masalasi:
- 20 mingdan ziyod oila uy-joyga muhtoj;
- 304ta mahallaning suv ta`minoti yaxshi emas,4,5 ming kilometr yoki 40 foiz ichki yo`llar ta`mirtalab holatda.
Sog`liqni saqlash:
- viloyat aholisining 56 foizida ortiqcha vazn, 46 foizida me`yordan ortiq xolesterin va 31 foizida yuqori arterial qon bosimi mavjud. Aholining o`rtacha umr ko`rish darajasi nisbatan past;
- viloyatda 29 ta oilaviy shifokor punkti, 20 ta oilaviy poliklinika, 10 ta shifoxona ta`mirtalab ahvolda;
- tibbiyotning birlamchi bo`g`inida quvvatlar etishmaydi.
Shundan kelib chiqib, prezident viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan besh yillik dasturni tayyorlanganini ma`lum qildi. Unga ko`ra, tibbiyotda:
- kelgusi ikki yilda shahar va tumanlarda 11 ta yangi oilaviy poliklinika va 29 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi;
- kelgusi besh yilda barcha tumanlarda tez tibbiy yordam mashinalari yangilanadi, jumladan, yangi reanimobillar olib kelinadi;
- salomatligi bo`yicha yuqori xavf guruhiga kiruvchi 600 ming nafar aholi skrining ko`rigidan o`tkaziladi, qon bosimi va diabetni davolash uchun zarur dorilar bepul beriladi;
- buyrak xastaliklarini erta aniqlash uchun, “tibbiyot brigadalari” ekspress-testlar bilan ta`minlanadi;
- onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash uchun, 45yoshdan oshgan 400mingayol har yili tekshiruvdan o`tkaziladi;
- Paxtaobod, Qo`rg`ontepa, Shahrixon va Baliqchi tumanlarida perinatal markazlar tashkil etiladi;
- har yili 900ming nafar bolalar va homilador ayollar7 turdagi vitaminlar bilan bepul ta`minlanadi;
- tumanlar tibbiyot birlashmalarining xirurgiya bo`limlari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta`minlanadi;
- viloyatda eksperiment tariqasida170 ta birlamchi bo`g`in tibbiyot muassasalarida alohida hamshiralik qabul punktlari tashkil etiladi;
- hamshiralarga 12 ta eng ko`p uchraydigan kasalliklar bo`yicha, bemorlarni birlamchi tekshiruv va skriningdan o`tkazish va dastlabki tashxis qo`yish vakolati beriladi. Ushbu yangi tizim bo`yicha, kelgusi yilda 700 nafar hamshira maxsus kurslarda o`qitiladi;
- murakkab operasiyaga muhtoj, 1 ming100nafar tug`ma yurak nuqsoni bor bolalarni bepul davolash tashkil etilib, buning uchun byudjetdan 30milliardso`m ajratiladi;
- Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi to`liq rekonstruksiya qilinib, uning negizida vodiy aholisi uchun, kardiologiya, neyroxirurgiya, ko`z kasalliklari va urologiya yo`nalishlari bo`yicha, yiliga 7 mingta murakkab operasiya o`tkazadigan “tibbiyot markazi” tashkil etiladi;
- Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari soni 1 mingtaga etkaziladi. Bunda, xorijiy hamkorlar bilan, 2 ta ko`p tarmoqli zamonaviy klinika barpo etiladi.
— Shu tariqa Andijon vodiy va qo`shni davlatlar aholisi uchun, tibbiy turizm markaziga aylantiriladi. Umuman, Andijonda tibbiyotni rivojlantirishga, kelgusi besh yilda davlat tomonidan 1,5 trillion so`m mablag` yo`naltiriladi.
Uy-joy va suv:
- kelgusi besh yilda 21 ming xonadonli ko`p qavatli uylar quriladi, shundan, 2 mingtasi ehtiyojmand oilalarga ajratilib, ularga ipoteka krediti bo`yicha subsidiya beriladi;
- iyun oyida tamal toshi qo`yilgan “Yangi Andijon” shahri loyihasining birinchi bosqichida 192 ta ko`p qavatli uy qurilib, 5 mingdan ziyod oila o`z boshpanasiga ega bo`ladi;
- Andijon va Yangi Andijon shaharlarini bog`lovchi 16 kilometrlik tez yurar avtobus yo`nalishi tashkil etiladi;
- viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida har yili kamida 30 ta qishloq va mahalla obodonlashtiriladi va ijtimoiy ob`ektlar ta`mirlanadi. Bunga, har yili qariyb 500 milliard so`m yo`naltiriladi;
- markazlashgan ichimlik suv ta`minoti darajasi 82 foizdan 90 foizga etkaziladi. Buning uchun, kelgusi besh yilda 5 ming 700 kilometr ichimlik suvi va 813kilometr kanalizasiya tarmoqlari, 1 mingdan ziyod suv inshootlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Ana shunday ishlar hisobidan, viloyatda 1 million aholining toza ichimlik suvi ta`minoti yaxshilanadi. Bu maqsadlar uchun 6 trillion so`m ajratiladi.
Shuningdek:
Viloyatda 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 22 ta podstansiya, 2 mingta transformator quriladi, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va ta`mirlash ishlari bajariladi. Natijada, 350 mingdan ziyod aholi xonadonlari hamda 8,5 mingta ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob`ektlarining elektr ta`minoti barqarorlashadi. Kelgusi besh yilda 4,5 ming kilometr ichki yo`llar, 286 ta ko`priklarni qurish va ta`mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bunga 3 trillion so`mdan ziyod mablag` yo`naltiriladi.
Eslatib o`tamiz, yig`ilish davom etmoqda.