1

Yuragimda saqlaganlarim: “Hamma narsani pul bilan o`lchamang...”

Mutolaa 26.04.2016, 16:14
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
Yuragimda saqlaganlarim: “Hamma narsani pul bilan o`lchamang...”

Ustalik qilib, odamlarning hojatini chiqargan va ko`rganlarini bizga yozib yuborgan yigitning mulohazalarini sahifamizda yoritishga qaror qildik... 

— Bundan uch-to`rt yil oldin bir-ikkita hamqishlog`im bilan qo`shni davlatga ishlash uchun bordim. “Har joyni qilma orzu, har joyda bor toshu tarozu” deb bekorga aytishmas ekan. U yoqda hech omadim yurishmadi. Topgan pulim ijara haqi-yu o`zimning eyish-ichishimdan ortmasdi. Ishlagan mehnat hiqimizni ololmagan paytlarimiz ham ko`p bo`lgan. Bu yoqda esa ayolim bilan ikki farzandim mendan har kuni umidvor bo`lib pul kutishardi. Bir yil davomida ishlab, zo`rg`a o`zimdan orttirib, uydagilarga ozgina pul jo`natdim. Akalarim qaytishimni tinmay so`rayverishganidan keyin amallab yo`lkiraga pul jamg`ardim-da, uyga qaytdim. U yoqda ko`p qiynalganim uchunmi, o`zimizning ob-havo ham, odamlarimiz ham baribir boshqacha, mehribonligiga amin bo`ldim. Oldin bilinmagan ekan, musofirchilikning azoblarini totganimdan keyin bunday narsalarga e`tibor beradigan bo`libman. Sal vaqt o`tib, o`zimga kelgach, akam chaqirdi.  

— Yonimda yurib menga yordamlashganingda ham o`sha yoqda topganingdan ko`proq pul toparding. Ustachilik qo`lingdan keladi, ota kasbimiz, bekor yurmasdan kelib shu erda ish boshla. Juda ko`p buyurtma tushyapti, ko`pini qaytaryapman. Agar sen ishlayman, desang o`sha buyurtmalarni senga beraman. Lekin ishni chala-chulpa emas, chin dildan qilishing kerak. Yasagan narsalaring sifatsiz chiqsa, qaytib buyurtma berishmaydi. 

Akam yog`ochdan eshik-romlar yasaydi. Ishi sifatli bo`lgani uchun juda mijozi ko`p. Men ham har kuni kelib qarashadigan bo`ldim. Oldin otam ustalik qilganlarida biz farzandlarini yoniga chaqirib, yordam berishimizni talab qilardi. O`shanda ancha narsalarni ko`rib, o`rganganim yodimga tushib, ishga kirishib ketdim. Yarim yil ichida qo`lim kelishib qoldi. Eshik-rom yasashda yangicha usullardan foydalanishayotgan ekan, akam o`sha narsalarni ham o`rgatdi. Menga ham buyurtmalar tusha boshladi. Ishim ancha yurishib, topish-tutishimga ham baraka kirib qoldi. 

— Keyingi oyda Qozog`istonga ishlashga ketyapmiz, zo`r ish bor ekan. Bormoqchi bo`lsang, tayyorgarligingin ko`r, — dedi oldin birga ishlagan og`aynim kelib. Men ikkilanib qoldim. Bu erda ishim yomonmas, lekin birdan ko`proq pul ishlab kelardim-da...

— Hech qaerga bormaysan, — dedi akam qat`iy, — qo`ling endi o`ng bo`ldi, senga ishona boshlagan mijozlaringni yo`qotmoqchimisan? Yig`ishtir, chetga chiqishni. Agar juda borging kelayotgan bo`lsa, ana Toshkentga borib ishla. U erda ishlayotgan tanishlarim bor, ish ko`payib ketsa, sizni chaqiramiz, deyishgandi. O`rnimga sen borib ishlaysan. 

Akam aytganini qilib, shahardan ish gaplashib berdi. Mana, ikki-uch yildirki, qishloqda ish kamaygan paytlari poytaxtga kelib, ustachilik   qilaman. Katta shaharda har xil odam bor. Birovlar arzimagan ishingiz uchun ham yaxshigina haq to`lab, minnatdor bo`lsa, kimdir sizdan tekin foydalanishni ko`zlaydi. Yaxshigina chuv tushirib ketadiganlar ham topiladi. Qancha-qancha odamlarning xonadonida ishladim. Ba`zi oilalarga havas qilsam, ba`zilaridan nafratlanardim. Bir gal ham shunday bo`ldi.  

Odatdagidek bir xonadondan ish chiqdi. Bashang kiyingan uy egasi bizga qilinishi kerak bo`lgan ishlarni ko`rsatdi. 

— Ko`nglimdagidek qilib bersalaring, haqlaringni shunga yarasha beraman! – dedi. 

Muomalasi sovuqligiga ko`nglimiz chopmasa-da, ishsiz qolmaylik deb, rozi bo`ldik. 

Hamma yumushlarni tugatib, haqimizni olish uchun uni kuta boshladik. 

— Ishni tugatgan bo`lsalaring, ketaveringlar, men darvozani qulflashim kerak, - dedi bir yigit kelib. 

— Aka qachon keladi, bizga pul berishi kerak... – dedim hayron bo`lib unga.

— Xo`jayin bir soat oldin uchib ketdi chet elga, nima, pullaringizni bermaganmi?.. – dedi hayron bo`lib yigit.  

— Yo`q, ish tugaganda beraman, degandi. Bir surishtiring-chi, kimgadir tashlab ketgandir pulimizni...

Yigitdan hech bir naf chiqmadi, shuncha ishlab, u erdan bir tiyin ham ololmadik.  

— Xudoga soldik, — deb chiqib ketdik. 

Kayfiyatimiz tushib, katta yo`lga chiqib, bir mashinaga qo`l ko`targandik, yonimizda to`xtadi. Haydovchi gapga chechan ekan, darhol bizdan hol-ahvol so`ray boshladi. Unga bor gapni aytib berdik. U birdan:

— Xafa bo`lmanglar, besh yil deganda bugun o`g`illi bo`ldim... Qancha gap-so`zlarni ko`tarishimga to`g`ri keldi bu vaqt ichida. Farzandli bo`lsam, ehson qilaman, deb niyat qilgandim. Shu pul sizlarga nasib qilgan ekan, musofir ekansizlar, mana, olinglar, — dedi haydovchi va pul uzatdi. Sheriklarimni o`ylab, uzatilgan pulni oldim. 

— Rahmat, aka, farzandingizning umri uzoq bo`lsin, rohatini ko`ring... – hammamiz bu qo`li ochiq odamdan minnatdor bo`lib, unga chin dildan rahmat aytdik.  

Bir necha marta ishlagan joyimizga borib, haligi insonni qidirdim, lekin topa olmadim. Uyidagilar ham tayinli bir gap aytishmasdi. Bir gal sheriklarim bilan yana o`sha boyvachchaning mahallasiga yo`limiz tushdi. Kirib undan pulimizni so`ramoqchi bo`ldik. Tanish xonadon oldidagi gavjum odamlarni ko`rib, sababini so`rasak, uy egasining etti yoshli o`g`li vafot etganini aytishdi. 

— Alloh rahmat qilsin, - deb yuzimizga fotiha tortdik hammamiz. 

Dunyoning ishlari shunaqa ekan, deb ko`nglimdan o`tkazdim. Bizga nisbatan insofsizlik qilgan bo`lsayam, boyvachchaga o`sha paytda juda achindim. Aziz farzandidan ayrilish naqadar og`ir. Lekin bu odamning ko`zi ochilarmikan. Kim bilsin, u bizga o`xshagan ko`p insonlarning dilini og`ritgandir balki. Yana kim biladi...

Shu voqeadan keyin bir keksa chol-kampirning uyini ta`mirlab berdik, bizga juda yaxshi muomala qilishdi. Ketayotganimizda bergan pulining yarmini cholga qaytardim:

— Ancha yoshga kirgan ekansiz, bizni duo qiling, otaxon... – dedim. Ikki qariya juda xursand bo`lib, uzoq duo qilishdi. O`zimiz ham ko`nglimiz yorishib chiqib ketdik. 

Bir gal shaharda avtobusda etti-sakkiz yoshlardagi bolakayni chiptachi do`q bilan so`roqqa tuta boshladi.

— Nega puling bo`lmasa chiqding avtobusga?

— Pulim o`rtog`imnikida qolib ketibdi... - dedi bolakay javdirab. 

— Har doim senlarning puling qolib ketadi. Men plan topshirishim kerak... Keyingi bekatda tushib qolasan... – dedi chiptachi yana bir nimalarni javrab. Bekatda to`xtaganimizda esa chiptachi avtobusdagilarning hay-haylashiga qaramasdan bolakayni qo`lidan tortib avtobusdan tushirib qo`ydi-da, «haydang» deya haydovchini ham tezladi. Avtobus birdan yurib ketdi. 

— Yaxshi ish qilmadingiz, uka, yosh bola, bir o`zi ekan, adashib qolsa, biror yomonning qo`liga tushsa nima bo`ladi? Aytganingizda uning  uchun ham  to`lardim... – e`tiroz bildirdi yoshi kattaroq ayol. 

— E, opa, men bu bolani har kuni ko`raman, juda yaxshi taniyman, hecham adashmaydi. Har doim “proezdnoy”da yurardi. Hozir ta`til  payti, proeznoy olmagani aniq, pul to`lashni ham xohlamaydi. Keyingi gal pul bilan chiqishni o`rganadi avtobusga... – dedi asabiy chiptachi. Avtobusdagilarning ko`ngli xira bo`ldi. 

— To`xtang, iltimos tushib qolaman, - dedim haydovchiga va tushib qoldim. Borsam, bolakay bekatda yig`lab o`tiribdi. 

— Uying qaerda, birga boramiz, — dedim unga. U menga xavotirlanib qarab, indamadi. - Qaysi avtobus boradi uyingga, qo`rqma, o`zim seni olib borib qo`yaman, - dedim bolani ishontirish uchun. 

— Shu avtobus boradi faqat, yana bitta bekatdan keyin tushishim kerak edi. Yayov ketsam, adashib qolaman, katta ko`chadan o`tish kerak... Shu payt u ko`zlari chaqnab “dadam” deb yugurib ketdi. Men ham ortidan ergashdim. 

— Nega bir bekat oldin tushib qolding, seni yarim soatdan beri o`zimiznnig bekatda kutib o`tiribman... O`rtog`ingning uyiga telefon qilsam, avtobusga mindirdik, hozir borib qoladi, deyishdi...

Bolakay bo`lgan voqeani otasiga gapirib bera boshladi.

— Pulim Jasurlarnikida qolib ketibdi. Gapimga chiptachi ishonmadi, keyin tushirib yubordi, rosa qo`rqdim... 

Poytaxtga kelib ishlashimdan asosiy maqsadimiz pul topish bo`lsa-da, ana shunday voqealardan keyin hamma narsa pul bilan o`lchanmasligiga ko`p marta amin bo`ldim. Ba`zida arzimagan pul ustida tortishishimiz behuda ekanligini angladim. Kimgadir, ayniqsa muhtojlarga chin dildan, xolis yaxshilik qilsak, boshqa tomondan omad bizga kulib boqishiga ishondim.   

Maktubni Mohitobon oqqa ko`chirdi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1