O‘zbekistonda 2025 yil 1 iyuldan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. Bular:
Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar oshiriladi
2 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni 10 foizga, ya’ni inflyatsiyadan past bo‘lmagan darajaga oshirishga doir farmonni imzoladi.
Yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, nogironlik pensiyasi 1 million 12 ming so‘mni tashkil etadi.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m,
3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m,
oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m;
oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha –110 000 so‘m;
Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 000 so‘m etib belgilandi.
Birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmaydi
8 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida 1 iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi aytildi.
Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.
Bolalar uchun kontent yaratadiganlar foyda solig‘idan ozod qilinadi
O‘zbekistonda bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratuvchi yuridik shaxslar foyda solig‘idan ozod qilinadi. Bu haqda joriy yilning 15 may kuni qabul qilingan “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident qarorida keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, respublikada bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar ishlab chiqarish hamda ularni ommalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
bolalarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmasi, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish;
bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish;
ota-onalar va bolalarni internet tarmog‘idagi axborotlarni to‘g‘ri baholashga hamda xavfli kontentlarni aniqlashga yo‘naltiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish.
Qarorga asosan, bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar 2025 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvarga qadar:
foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi;
ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi;
yuridik shaxslarga bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarini foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi.
Bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan jahondagi yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash uchun 5 ta kvota ajratiladi.
Endilikda pasportning elektron shakli ham rasman tan olinadi
Joriy yilning 1 iyul sanasidan boshlab shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinadi. Ularning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroport, vokzal kabi tegishli hujjatlarni so‘raydigan tashkilotlarda talab etilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabr kuni qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida shaxsiy hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining aniqlik kiritishicha, endilikda my.gov.uz'dagi shaxsni tasdiqlovchi, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarning raqamli (elektron) shakllari rasman tan olinadi. Bunda my.gov.uz platformasi hamda “Ijtimoiy karta” mobil ilovasida ushbu raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.
Quyidagi hujjatlar ro‘yxatga kiritilgan:
ZO‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti;
O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi;
Haydovchilik guvohnomasi;
Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
Transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
Transport vositasining majburiy sug‘urta (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi rasmiy hujjat;
Talabalik guvohnomasi;
Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
Turar joy obyektlarining kadastr pasporti;
Jismoniy shaxsning shaxsiy avtomototransport vositasini boshqa shaxslarga boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.
Mazkur hujjatlarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi, ya’ni portaldagi elektron shakllari ham tan olinadi.
86 turdagi tovarlar uchun eksport boji joriy qilinadi
O‘zbekistonda 2025 yil 1 iyuldan ayrim turdagi xomashyo tovarlari va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarga nisbatan eksport bojxona bojlari joriy etiladi. Bu 14 mart kuni qabul qilingan “Mahsulotlarni eksport qilish tartib-taomillarini takomillashtirish va qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, eksport tartib-taomillari Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtiriladi. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya joriy qilinayotgan eksport bojxona bojlari samarasi bo‘yicha har chorakda tahlillar olib boradi.
Farmon bilan 2025 yil 1 iyuldan boshlab 86 turdagi quyidagi tovarlarga eksport bojxona bojlari joriy etildi va ularning stavkalari tasdiqlandi:
Charm xomashyosi va yarim tayyor charm mahsuloti, ipak xomashyosi, paxta ip-kalavasi va trikotaj mato tovarlariga
(Amalda mazkur tovarlarni eksport qilish uchun uyushmalarning yig‘imlari belgilangan bo‘lib, endilikda ular bekor qilindi.)
Go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, don, guruch, mineral o‘g‘itlar, charm xomashyosi, PET chiqindilar, rangli metall lom va chiqindilariga
(Amalda ushbu tovarlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatning qarorlari asosida ruxsat berilgan holda eksport qilish mumkin edi. Endi ushbu talablar bekor qilindi).
O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash sanoatini qo‘llab quvvatlash maqsadida respublikada ishlab chiqariladigan strategik xomashyo mahsulotlariga (tabiiy gaz, paxta tolasi, paxta linti, mineral o‘g‘itlar, polietilen, polipropilen, polisterol, polietilentereftalat, PVX, mis xomashyosi).
Qayd etilishicha, mazkur Farmon eksport tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, mahalliy xom ashyo asosida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, qayta ishlash sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.