Tish implantasiyasi qanchalik foydali? Mutaxassis javob berdi

Salomatlik 05.01.2022, 12:03
Tish implantasiyasi qanchalik foydali? Mutaxassis javob berdi

Salomatligimiz, jismoniy va estetik holatimiz bekamu ko`stligida sog`lom tishlarning ahamiyati beqiyos. Zamonaviy stomatologiya bu borada implantasiya muolajalaridan samarali foydalanib keladi. Tish implantlarining foydali va zararli tomonlari haqidagi SSV Matbuot xizmati savollariga tibbiyot fanlari doktori Abduazim YuLDAShEV javob berdi:

—   Tish implantantlarining afzal jihatlari anchagina. Negaki, ko`pincha tish olingan sohadagi suyak emirilishga uchraydi. Implantant qo`yilgach esa bu jarayon to`xtaydi. Hozirgi zamonaviy stomatologiyada olingan tish o`rniga darhol tish implantantlari, ayrim hollarda ular ustiga qoplama ham qo`yilmokda.

Tish implantantlari bir bosqichli va ikki bosqichli tarzda o`rnatiladi.  

Ikki bosqichli shaklda implantantni to`g`ridan-to`g`ri va kechiktirilgan holda o`rnatish mumkin.  

Bir bosqichli usulda esa implantant jag`ga ko`yilganda milk ustidan chiqib turadi, jarrohlik amaliyotidan so`ng darhol tish qoplamasini qo`yish mumkin.

Ikki bosqichli usulda implantantning ildiz qismi jag`ga qo`yilib, shilliq qavat bilan qoplanadi. Uning ustki qismi esa 2-3 oydan so`ng qo`yiladi.

To`g`ridan-to`g`ri tish implantantini o`rnatish tish olingandan so`ng tish katagiga darhol implantantni qo`yish orqali amalga oshiriladi.

Kechiktirilgan o`rnatish tish olingandan so`ng o`rtacha 2-6 oyda bajariladi. Tajribaga ko`ra, darhol implantatning o`rnatilishi ayrim hollarda yaxshi natijalarni bermaydi.

—  Qanday holatda tish implantantlarini o`rnatish uchun ruxsat beriladi?

—  Bir qator holatlarda tish implantantlarini o`rnatish tavsiya etiladi. Ular quyidagilar:

 tish qatorining qisman nuqsoni (sog`lom yon tishlar charxlanmagan yoki charxlangan holda) bo`lganda;

 tish qatorining orqa nuqsonlari mavjudligida;

 jag`da tishlar to`liq yo`qligida.

Absolyut va nisbiy karshi ko`rsatmalar quyidagi hollarda:

  •  yurak-qon tomir tizimi kasalliklarida;
  •  immun tizimining patologiyasida;
  •  suyak tizimi kasalliklari, suyak hosil bo`lishini kamaytirishda (osteoporoz, tug`ma osteopatiya, osteonekroz, displaziya);
  •  endokrin kasalliklarda; (gipofiz, buyrak usti patologiyasi, giper va gipotireozning og`ir shakli, qandli diabet);
  •  qon kasalliklarida (leykemiya, gemolitikanemiya);
  •  markaziy va periferik asab tizimi kasalliklarida (shizofreniya, paranoya, psixoz, nevroz, alkogolizm va narkomaniya);
  •  chakka pastki jag` bo`g`imining kasalliklarida.

— Implantasiya jarayoni qanday kechdi?

— Tish implantantlarini o`rnatish uchun jarrohlik amaliyotini o`tkazish va og`iz bo`shlig`iga antiseptik eritmalar bilan ishlov berish quyidagicha kechadi:

  •  mahalliy yoki umumiy og`riqsizlantirish;
  •  shilliq qavat va suyak usti pardasini kesish va ajratish;
  •  tish implantatining suyak ichidagi joylashadigan qismi uchun bor va frezlar yordamida joy tayyorlash;
  •  tish implantatining ildiz qismini o`rnatish;
  •  tish implantatining ustini shilliq qavat bilan berkitib choklar qo`yish;
  •  antibakterial malhamlar bilan ishlov berish.
  •  2-3 oy o`tgandan so`ng tish implantantining ustki qismi o`rnatilib, qolip olinadi va tish yasaladi.

— Tish implantantlarini o`rnatishning salbiy asoratlari ham bormi?

—  Albatta, bu ehtimolni ham inkon etib bo`lmaydi. Implantant qo`yish vaqtida hamda jarrohlikdan keyin ro`y berishi mumkin bo`lgan asoratlar quyidagicha:

  •  yuqori jag` bo`shlig`i tubining teshilishi;
  •  pastki jag` kanalining devori va pastki jag` nervining jarohatlanishi;
  •  yara ochilishi;
  •  jag` atrofi yumshoq to`qimalarining yallig`lanishi.

Yuqoridagi barcha asoratlar nisbiydir, aslida to`g`ri tanlangan tekshiruvlar va jarrohlik amaliyoti implantantning inson organizmiga yaxshi birikishiga olib keladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1