O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Hindiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan videokonferensiya shaklida yig`ilish o`tkazdi.
Uchrashuvda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, mamlakatimizning Hindiston va XXRdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Hindiston bilan ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi masalalar, jumladan, investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, qo`shma loyihalarni amalga oshirish va munosabatlarning yangi yo`nalishlari batafsil ko`rib chiqildi. O`zbekiston delegasiyasining 2021 yil dekabr oyida Hindistonga tashrifi yakunlari muhokama qilindi. Tashrif maqsadi Hindistonning tegishli vazirliklari, idoralari va kompaniyalari bilan birgalikda yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqishdan iborat edi. Bugungi kunda sog`liqni saqlash, farmasevtika, energetika, sanoat, qishloq xo`jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish, ta`lim va axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohalaridagi aniq loyiha va tadbirlarni o`z ichiga olgan yangi keng qamrovli hamkorlik dasturi ishlab chiqilayotgani ta`kidlandi.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga qisqa muddatlarda mustahkam kelishuvlarga erishish uchun hindistonlik hamkorlar bilan mavjud barcha masalalarni ustida ish olib borish yuzasidan manzilli ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, hamkorlikni kengaytirish bo`yicha qo`shimcha takliflar ishlab chiqish maqsadida barcha yo`nalishlarda ishlarni faollashtirish topshirildi.
Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasining 13-yig`ilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forumni tashkil etish va o`tkazish bilan bog`liq masalalar alohida muhokama qilindi.
Huddi shu tartibda XXR bilan ko`p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Investisiyaviy sheriklik va o`zaro savdoning barqaror o`sib borayotgan ko`rsatkichlari fonida bugungi kunda ikki davlatning iqtisodiy hamkorligini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar va ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi ta`kidlandi.
Hukumatlararo va idoralararo hamkorlikning keng ko`lamli masalalari, jumladan, qator ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish choralari ko`rib chiqildi. Rejalashtirilayotgan tadbirlarning iqtisodiy kun tartibini boyitish hamda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda munosabatlarni kengaytirish va yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo`yicha yangi takliflar ishlab chiqish topshirildi.
“O`zbekiston–ShHT” sanoat zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlariga alohida e`tibor qaratildi. Mutasaddi rahbarlarga zarur infratuzilmani yaratish, istiqbolli investisiya loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish uchun bo`lajak investorlarni jalb etish bilan bog`liq masalalarni hal qilish ishlarini tezlashtirish topshirildi.
Uchrashuv yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari hamda O`zbekistonning Hindiston va XXRdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga belgilangan vazifalar doirasida qo`shimcha topshiriq va ko`rsatmalar berildi.






