Bugun, 6 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi.
ma`lum qilinishicha, suhbatda davlat rahbarlari O`zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqadagi vaziyat, shu jumladan qo`shni Qozog`istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan fikr almashdilar.
Ikki mamlakat etakchilari hozirgi voqealarning ishtirokchisi bo`lgan tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo`l bilan hal qilishga chaqirdilar.
Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlash borasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga bundan buyon ham birgalikdagi sa`y-harakatlarni qaratishga tayyor ekanliklarini ta`kidladilar.