AsosiyJamiyat

Buxoroda tahsil olayotgan qashqadaryolik talaba hammomdan o`lik holda topildi

'Buxoroda tahsil olayotgan qashqadaryolik talaba hammomdan o`lik holda topildi'ning rasmi

2021 yilning 23 noyabr kuni Toshkent Irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti Buxoro filialining 2 bosqich talabasi Lochinbek Ergashev Buxoro shahridagi ijarada yashab kelayotgan uyning hammomidan o`lik holda topildi. Bu haqda «Nasafnews» xabar bermoqda. 

Ta`kidlanishicha, marhum 23 yoshda bo`lgan. Marhum talaba Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani Qutchi qishlog`ida istiqomat qilgan. Buxoro viloyatidagi institut filialiga o`qishga kirgani uchun Buxoro shahridagi uylarning birida ijarada yashab kelgan. Uning vafotiga is gazidan zaharlanish sabab qilib ko`rsatilmoqda. Aytilishicha, marhum 23 noyabr kuni ijarada yashab kelgan xonadonning uyidagi hammomdan o`lik holda topilgan.

O`lim haqidagi tibbiy guvohnomada organizmni is gazidan zaharlanishi va nafas faoliyati etishmovchiligi o`lim sababi qilib ko`rsatilgan. Ammo marhumning ota onasi vafot etgan o`g`lining jasadida jiddiy tan jarohatlari ko`rganligini aytishgan.

«Ekspertiza natijasini 1 oylab kutdik. Natijada esa is gazidan zaharlanish deb ko`rsatishdi. Ammo o`g`lim vafot etgan kuni bizga is gazidan deb aytishmagandi. Qolaversa, ijarada yashab kelgan uyning egalari ham o`g`limni is gazidan zaharlanganini rad etishyapti. Ular menga «o`g`lingni biror kasali bor edimi yoki birortasi bilan tortishib qolganmidi» deyishdi. O`g`limning hech qanday kasali yo`q. U o`z-o`zidan hammomga kirib o`lib qolishiga ishonmayman», – degan marhum yigitning otasi Hasan Tursunov.
 

Marhumning tog`asi va otasining qo`shimcha qilishicha, jasadning tanasida jiddiy tan jarohatlari bo`lgan.

«Nasafnews»ning surishtiruviga javob bergan Buxoro viloyati prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Anvar Esanov jinoyat ishi qo`zg`atish rad etilganini ma`lum qilgan va marhumning otasiga bu borada tushuntirish berilganini aytgan.
 

    Boshqa yangiliklar