Joriy yilning 6 yanvar kuni Xalq ta`limi vazirligida sohada byudjet mablag`larini samarali va to`g`ri sarflanishini nazorat qilish, boshqa organlarning xalq ta`limi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashuviga, pedagog kadrlarning sha`ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularni majburiy mehnatga jalb etilishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha choralarni ko`rish hamda tizimda ichki nazoratni, korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlarini tashkil etishning yangi tizimini joriy etish masalalari ko`rib chiqilgan. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Ta`kidlanishicha, ayni vaqtda yuqorida keltirib o`tilgan masalalarni muvofiqlashtirish va tashkil etish bo`yicha Xalq ta`limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati hamda Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi o`z ish faoliyatini olib bormoqda.
Yig`ilishda yanvar-mart oylari ichki audit xizmati xodimlari uchun dolzarb uch oylik deb e`lon qilingan. Endilikda noqonuniy xarajatlarni amalga oshirish xavfi mavjud bo`lgan hududlar bo`yicha alohida «qizil» ro`yxat aniq belgilab olinadi. Ushbu hududlarda ish haqining moliyalashtirilishi hamda qo`shimcha mablag` ajratilishi jarayonlari doimiy nazoratga olinadi. Joriy moliyaviy yil uchun tasdiqlangan byudjet xarajatlarining maqsadli samaradorlik indikatorlarining ijrosi haqqoniy baholab boriladi.
Shuningdek, Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan xalq ta`limi hududiy bo`limlari «qizil», «sariq», «yashil» toifalarga ajratilgan holda korrupsiyaviy omillar kompleks tahlil qilinadi. Har bir idoraga «tashxis» qo`yish ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, har chorakda bo`lib o`tadigan hay`at yig`ilishida davlat idorasining markaziy apparatidan tortib, eng quyi bo`g`inidagi vakiligacha qamrab oluvchi tanqidiy muhokamalar o`tkaziladi. Ularni bartaraf etish bo`yicha aniq choralar belgilanadi. Jamoatchilik, huquq-tartibot idoralari va hokimlik vakillarini jalb etgan holda korrupsiya avj olgan hududlarda «Korrupsiyasiz hudud» loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Byudjet mablag`larining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishi holati profilaktikasi ta`minlanib, ularning oldini olish borasidagi faoliyatiga zamonaviy mexanizmlar joriy etiladi.
Yig`ilish doirasida xalq ta`limi tizimi muassasalarida autsorsing xizmatlari, shuningdek, davlat xaridlari, davlat mulki ob`ektlari, davlat-xususiy sheriklik sohalari, «ishonch telefonlari», rasmiy veb-saytlari va boshqa dolzarb masalalar bo`yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olingan.
Shuningdek, byudjet qonunchiligi buzilishining oldini olish maqsadida axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda tegishli ma`lumotlar bazalari bilan integrasiya qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash bo`yicha topshiriqlar berilgan.






