Istanbul shahrida 18-Xalqaro gastronomik pazandachilik festivali bo`lib o`tdi, unda O`zbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari ishtirok etib, 2 ta oltin va 2 ta kumush medalni qo`lga kiritdi.
Festivalda dunyoning turli davlatlaridan oshpazlar, shuningdek, O`zbekiston, Eron, Tunis, Qirg`iziston, Germaniya, Xorvatiya, Serbiya, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa ko`plab mamlakatlardan kelgan xalqaro darajadagi hakamlar qatnashdi.
O`zbekistonliklarning jahon musobaqalari va chempionatlarida faol ishtirok etishi gastronomik turizmni ommalashtirish va O`zbekistonga ko`plab xorijiy gurmanlarni jalb etish hamda bu sayyohlik yo`nalishidan qo`shimcha daromad olish imkonini beradi.
Oshpazlik chempionatining birinchi kunidayoq O`zbekiston oshpazlar uyushmasi jamoasi 2 ta oltin va 2 ta kumush medalni qo`lga kiritdi:
1) "Desert" nominasiyasi - Oltin medal - Usmonoliev Abdulaziz
2) "Baliq" nominasiyasi - Oltin medal - Orazbaeva Sarbinaz
3) "Baliq" nominasiyasi - Kumush medal - Sultonov Davron
4) "Baliq" nominasiyasi - Kumush medal - Xamidullaev Saidazamxon.
Dunyoning mashhur oshpazlaridan iborat hakamlar hay`atining kuchli talablaridan iborat nominasiyalar bo`yicha o`zbekistonliklarning qo`lga kiritgan sovrinlari O`zbek oshxonasining yuksak yutuqlari, mamlakatimiz yosh avlodining salohiyati, O`zbekiston an`analarini jahon hamjamiyatiga munosib darajada olib kirayotganligidan dalolatdir.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Oshpazlar assosiasiyasi 2010 yildan buyon jahon oshxonasining pazandalik standartlarini saqlash va takomillashtirishni maqsad qilgan mutaxassislardan iborat Butunjahon oshpazlar hamjamiyatining rasmiy a`zosi hisoblanadi. O`zbekiston Oshpazlar uyushmasi tashkil etilganidan buyon barcha umumiy ovqatlanish tashkilotlariga kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, umumiy ovqatlanish punkti faoliyatining texnologik jarayonlarini joriy etish bo`yicha axborot-maslahat xizmatlari ko`rsatish bo`yicha har tomonlama qo`llab-quvvatlanib kelinmoqda.






