AsosiyJamiyat

SSV: Yanvar oyining dastlabki o`n kunida “Tez yordam”ga qariyb 350 mingta chaqiriq kelib tushdi

'SSV: Yanvar oyining dastlabki o`n kunida “Tez yordam”ga qariyb 350 mingta chaqiriq kelib tushdi'ning rasmi

So`nggi kunlarda butun dunyoda bo`lgani kabi yurtimizda ham koronavirus bilan bog`liq epidemik vaziyat salbiy tomonga o`zgara boshladi. Xususan, oxirgi 4-5 kunda mamlakatimizda kasallanish holatlari soni keskin ortgani, kunlik ko`rsatkichlar 600 tadan oshgani barchani jiddiy tashvishga solmoqda. Qolaversa, bu holat "Tez yordam"ga bo`lgan talab va kunlik chaqiriqlar soni ortishiga ham sabab bo`layotir. Buni “103” xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin.

Raqamlarni tahlil qilsak, 2022 yilning 1-10 yanvar kunlari  Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 349 ming 436 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining ko`tarilishi bo`yicha 32 ming 400 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 1338 ta murojaat qayd etildi.

Taqqoslash uchun, 2021 yil dekabr oyi dastlabki o`n kunligida "Tez yordam"ga murojaatlar soni 320 ming 980 tani tashkil qilgan edi.

Shuningdek, yanvar oyining ilk kunlari “103” xizmatiga bir kunda o`rtacha 34 ming 600 ta chaqiriq qabul qilingan bo`lsa, 9-10 yanvar kunlari murojaatlar soni biroz ortib, qariyb 37 mingtaga etdi.

Ta`kidlash lozimki, mana shunday murakkab  sharoitda mamlakatimiz tibbiyot xodimlari, xususan, “Tez yordam” xizmati brigadalari xalqimizni koronavirus kasalligidan himoya qilish, aholiga o`z vaqtida sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida tunu kun xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, so`nggi kunlarda poytaxt aholisi orasida COVID-19ga chalinish holatlari soni keskin ortishi natijasida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi brigadalari tig`iz ish sharoitda faoliyat yuritayotir.

— Dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq holat juda tez o`zgarmoqda, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BO`RIBAEV. — Ayniqsa, Omicron shtammi sababli vaziyat ancha murakkab. Buning ustiga yurtimizda ham ushbu xavfli mutasiyaga chalingan ilk bemor qayd etilgani, har birimizdan karantin qoidalariga yanada e`tiborli bo`lishni taqozo etadi.

Afsuski, so`nggi kunlarda Toshkent shahar aholisi orasida COVID-19ga gumon qilingan, kasallik tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga chalingan fuqarolar tomonidan “103” xizmatiga tez-tez murojaatlar bo`lmoqda.

Xususan, joriy yilning 1-10 yanvar kunlari shahar “Tez yordam”ga jami 36 ming 925 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining ko`tarilishi bo`yicha 8636 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 663 nafar bemor murojaat qildi. Shuningdek, jami 5751 nafar bemor gospitalizasiya qilindi.

Ma`lumot uchun aytsak, o`tgan 2021 yilning ayni shu davrida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga kelib tushgan umumiy chaqiriqlar soni 20 ming 869 ta, gospitalizasiya qilingan bemorlar esa 3385 tani tashkil qilgan edi.

 

    Boshqa yangiliklar