AsosiyJamiyat

Musulmonlar idorasi vaksina olishning hukmi haqida ma`lum qildi

'Musulmonlar idorasi vaksina olishning hukmi haqida ma`lum qildi'ning rasmi

O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati "Vaksina olishning hukmi qanday bo`ladi" degan savolga javob berdi.

“Ma`lumki, sog`liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani to`g`risida xulosaga keldilar.

Dinimizda insonning joni, e`tiqodi, aqli, moli va obro`sini saqlash muhim ko`rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar etadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo`llashga buyuradi. Shunday ekan vaksina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta`kidlanadi.

Birinchidan, dinimiz ko`rsatmalariga ko`ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg`ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir” (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi: Payg`ambarimiz alayhissalomdan a`robiylar: “Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?”, deb so`rashdi. U Zot alayhissalom: “Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir”, dedilar.  (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ikkinchidan, ba`zi kishilar kasal emasligini ro`kach qilib, vaksina olishga beparvo bo`ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar: “Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir” (“Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu” kitobi). Demak, bemor bo`lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo`ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o`ziga ham o`zgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqda Abu Sa`id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda  Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Zarar berish ham, zarar ko`rish ham yo`q”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, vaksinani olishimiz birinchi navbatda o`zimizning sog`ligimiz, qolaversa, yaqinlarimizning sog`ligini saqlashga sabab bo`ladi.

To`rtinchidan, hozirgi kunda Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaksina bilan emlangan bo`lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo`lgan kishidan vaksina bilan emlanganlik so`ralmoqda.

Xulosa shuki, hozirda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga etkazib berilayotgan vaksinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar`an joiz, chunki bu davolanishning bir ko`rinishidir. Vallohu a`lam”.

Yuqumli kasallik bilan xastalanish holatlari ortib borayotgan, unga qarshi ehtiyot choralari kuchaytirilayotgan vaqtda har bir mo`min-musulmon Alloh taoloning taqdiriga rozi bo`lib, tibbiyot xodimlarining jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy rioya etish, kasallikning oldini olish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar bilan to`liq emlanish kabi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilgan yangi tartib-qoidalarga qat`iy amal qilib, o`zimiz, yaqinlarimiz, qolaversa, yurtdoshlarimizning sog`ligini saqlaylik. Zero, ulamolarimiz aytganlaridek: “Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir”, - deyiladi idora Matbuot xizmati xabarida. 

 

 

    Boshqa yangiliklar