Bugun, 12 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo`yicha o`zbek-tojik qo`shma komissiyasining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Transport vaziri o`rinbosari A.Mo`minov hamda Tojikiston Respublikasi Transport vaziri o`rinbosari Sh.Saidmurodzoda rahbarligida bo`lib o`tgan uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi ikki tomonlama va ko`p tomonlama hamkorlik holati haqidagi axborot bilan bo`lishishdi. Ular, shuningdek, bu sohada imzolangan kelishuvlarning amalga oshirilishi qanday borayotganini muhokama qilishdi.
Yig`ilishda tomonlar koronavirus pandemiyasi sabab bugungi kunda to`xtab qolgan avtobus qatnovlarini qayta tiklash bilan bog`liq masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Shuningdek, "O`zbekiston – Tojikiston – Xitoy" transport koridorini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.






