1

Men bilan gaplashganlar “Yomon odam emas ekansiz” deyishadi — Yoqub Ahmedov

Madaniyat 14.01.2022, 17:53
Men bilan gaplashganlar “Yomon odam emas ekansiz” deyishadi — Yoqub Ahmedov

Sevimli aktyorimiz, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedovdagi bag`rikeng­lik, kamtarlik va olijanoblikning chegarasi yo`q. Buni hamkasblari ham ko`p va xo`p e`tirof etishadi. Suhbatdoshimiz uchun bayramlar bayramlarga ulanadi. U 3 yanvar kuni yana bir muborak yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan ­intervyu berishni deyarli xushlamaydigan ijodkor bilan suhbatlashdik.

— Yoqub aka, bolalik xotiralaridan nimalar yodingizda qolgan?

— Urushdan keyingi og`ir yillar edi. Taqdir degani shudirki, 1949 yilda Namangan viloyatining “Alisher Navoiy” nomli musiqali drama teatrida Zinnat Fatxullinning “G`unchalar” pesasi qo`yildi. Ko`chamizda yashaydigan shu teatrning aktyori Muhriddin Mansurov 5-6 ta bolani kichik rollarni o`ynash uchun u erga olib borgan. 10-11 yoshdaman, vokzal ko`rinishida sahnaga chiqib baqirib-chaqirib yurardik. Boshqa bolalar tarqab ketishgandi-yu, negadir meni teatrda ishga olib qolishgan. Katta aktyorlarga 150 so`m maosh to`lashsa, menga 75 so`m berishardi. Qiyinchilik yillari emasmi, yosh bola uchun ro`zg`orga buncha pul olib borish katta gap. Rosa xursand bo`lardim, chunki boquvchisi yo`q oila uchun bu yaxshigina madad edi. “Revizor”da Mishka, “Alisher Navoiy”da Mo`min Mirzo, “Qor malikasi”da Keyni o`ynaganman. Shu-shu teatrga mehrim tushgan. 1959 yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutining rejissyorlik fakultetiga o`qishga kirganman. Hozirgi Milliy teatr­ning bosh rejissyori Ginzburg kurs rahbarimiz edi. Biz darslarni bevosita teatrda o`tardik. O`sha yillari qo`­yilgan “Gang daryosining qizi”, ”Jazoir — mening Vatanim” spektakllarining ommaviy sahnalarida ishtirok etganman.

— Kinodagi ilk qadamlaringiz ham shu payt­larga to`g`ri kelsa kerak?

— Birinchi marta ekranda Yo`ldosh A`zamovning “Maftuningman” filmida kichkina epizodda ko`ringanman. Keyin “Furqat” filmiga tanlov ­e`lon qilindi, bordim. Boshimga baxt qushi qo`nib, bosh qahramon menga nasib etgan. 3-bosqich talabasi edim, kinoga tushaman deb, o`qishim chala qolib ketgan. Shungayam qaramay teatrga ishga qabul qilishgandi. 

— Teatrdagi birinchi rolingizni yaxshi eslasangiz kerak?

— Shekspirning “Yuliy Sezar” tragediyasidagi Metel obrazini ijro etganman. Bu rolni Maxsum Yusupov o`ynardilar, kasal bo`lib qolganlarida menga berishlarini iltimos qilganman. Shu sahnadagi birinchi rolim bo`lgan. Bu 1958 yil edi. O`shandan beri shu qadrdon teatr­daman. Hayotimning quvonchlariyam, alamlariyam shu ulug` dargoh bilan bog`liq. Go`yo bir katta oiladekmiz.

— Sahnadagi sevimli qahramonlaringiz...

— Uyg`unning “Parvona” spektaklidagi Murod obrazini yaxshi ko`rib o`ynardim. Bu asarni 1967 yilda Tosh­xo`ja Xo`jaev yordamida Sharif Qayumov sahnalashtirgandi. Shu o`rinda har bir spektaklning muvaffaqiyati asosan rejissyorga bog`liq ekanligini ta`kidlab o`tmoqchiman. Chunki rejissyorsiz eng iste`dodli aktyor ham hech narsa qilolmaydi. Afsuski bugungi kunda bu kasbning qadrini tushiradigan o`rtamiyona aktyor-rejissyorlar ko`payib ketdi. Rejissyorlikka tug`ma iste`dodi bo`lsa nur ustiga a`lo nur. Ammo bu kasbni aktyorlik karera­sining davomi sifatida qabul qiladiganlarga qarshiman. Rahmatli Toshxo`ja Xo`jaev chinakamiga buyuk rejissyor edi. Birgina detalni eslatib o`tishim mumkin. “Parvonada”gi O`tkuriyning qo`liga dutor tutib, qo`shiq aytishga majburlagan Toshxo`ja aka bo`ladi. Obid aka men ashula aytishni bilmayman deb rosa qarshilik qilgan. Lekin aynan shu detal O`tkuriy obrazini betakror obrazga aylantirdi. Mengayam Murodni “Yoqub, sen olimsan. Ko`zoynak taqqan, o`ziga qarashga vaqti yo`q, hatto sevgilisiniyam O`tkuriyga berib qo`ygan, ilmdan boshqa narsani bilmaydigan odamsan...” deb lo`nda qilib tushuntirib qo`yganlari, esimda. 

— “O`shanda bekor o`ynaganman...” deb afsuslanadigan rolingiz ham bormi?

— Menimcha, bunaqa rol hamma aktyorda ham bo`ladi. Rosti, men hech qachon  Otello rolinio`ynashni orzu  qilmaganman. Lekin Evgeniy Simonov rejissyorligida shu spektakl sahnaga qayta qo`yilganida uni men bilan Turg`un Azizovga topshirishdi. Yaxshimi, yomonmi imkoniyatimiz darajasida ijro etdik. Ammo, afsuski  spektakl muvaffaqiyat qozonmadi. Buning sababi nimadaligini bilmayman. Balki rejissyordadir? Balki Abror Hidoyatovdek ulkan aktyor oldida men yutqazgandirman?! Tarjimai holimga Otelloni o`ynadi, degan yozuv tushgani qoldi, xolos. Aslida Gamletni o`ynashni orzu qilgandim. Olim aka, Shukur aka ijrosida Gamletni ko`rganman. Ular bilan birga sahnada o`ynaganman, lekin nasib etmadi, orzuligicha qolib ketdi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy obrazini 9 qismlik videofilmda o`ynadim. Sahnadagi Olim Xo`jaev yaratgan Alisher Navoiy­ni yaratish orzum bor edi. Keksalik davrini gavdalantirdim, bu orzum amalga oshdi. 

— Faqat o`zingizgagina xos ovozingiz, so`zlash san`atingiz bor. Sizning mahoratingiz sabab biz “Kavkaz asirasi”dagi Saaxovni “o`zbekcha gapirishni biladi”, deb qabul qilganmiz. 

— Hozirgi Milliy teatr binosi o`rnida “Rodina” kinoteatri bo`lardi. Shu erda filmlar dub­lyaj qilinardi. “Maftuningman” filmidagi epizodimdan keyinoq dublyajga taklif qilishgan. Ke­yinchalik “O`zbekfilm” kinostudiyasida alohida “Dublyaj studiyasi” tashkil topdi. Shu erda uzoq yillar mehnat qildik. Tunlari soat 11 dan tonggi 6 gacha ishlardik. Bu oylik maoshimizga yaxshigina qo`shimcha mablag` bo`lgani uchun ham astoydil, butun borlig`imizbilan o`sha rolni his etib ovoz berardik. Mingga yaqin filmlarning dublyajida qatnash­dim. Birini yaxshi, birini yomon deya olmayman. Lekin, tan olaman, Vladimir Etush, Vyacheslav Tixonovlar ijro etgan rollarni alohida yaxshi ko`rib ovoz berardim. Dublyaj ham o`ziga yarasha bir san`at ekan-da, aktyor mahoratini sayqallaydi. Men haliyam bo`lsa, o`sha dublyajga qaytish kerak, deb hisoblayman.

— Biz  bilmagan Yoqub Ahmedov qanday odam? Nimalarga qiziqadi? Nimalarni yaxshi ko`radi?

— (Kulib) Jiddiy ko`rinishimgaqaramay,  o`zini maqtashga yo`ymang-u, uchrashganlar, gaplashganlar “yomon odam emas ekansiz” deyishadi. Ozgina bo`sh vaqt bo`lsa, darrov kitob o`qiyman, filmlar tomosha qilaman, rol yodlayman.

— Teatrga rahbar etib tayinlangan davringiz sobiq Ittifoq tanazzulga yuz tutgan davrlar edi. Sizning sa`y-harakatlaringiz bilan tomoshabin yana teatrga  qayt­di. Teatrni saqlab qolibgina emas, balki O`zbek Milliy Akademik drama teatri degan oliy maqomga ega bo`lishiga katta hissa qo`shdingiz. Shu asnoda ijod o`z-o`zidanchetga surildi. Endi o`tgan yillar, o`ynolmay qolgan rollaringizga afsuslanmayapsizmi?

— Nega achinishim kerak ekan? Balki qaysidir rollarni ijro eta olmagandirman. Qaysidir rollardan voz kechishga to`g`ri kelgandir?! Chunki rahbarlik ko`p kuch, mas`uliyat, mehnat talab qiladi. Lekin doim san`atning ichida bo`ldim. Sahnada rollar ijro etdim. Faqat ko`proq kuchimni teatr rivoji, reper­tuarning boyishi, buning natijasida jamoadagi aktyorlar ijodi yanada yuksalishiga xizmat qildim. Shunday ekan, ijoddan chekindim, deya olmayman. Va o`ynay olmay qolgan qaysidir rollar uchun afsus chekishgayam asos yo`q.

— Ijod va hayot yo`llarida siz anglagan 3 haqiqat?

— Ijodga sadoqatli bo`lish. Senga topshirilgan vazifalarni halol, pok, vijdonan bajarish. Unvon, mansabdan qat`i nazar, o`z kasbiga xiyonat qilmaslik. Shular  uzoq yillar davomida ijodda yurib anglagan haqiqatlarim. Hayotdagi anglagan haqiqatim esa yolg`onning umri qisqaligi! Uning bir kun baribir misi chiqib, odamni sharmanda qilishi.

— Muxlislaringizga tilaklaringiz...

— Xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik tilayman. Sog`liklarini ehtiyot qilishsin. Umr atalmish ne`matning bir daqiqasiniyam bekorga o`tkazishmasin. Shu orada vaqt topib teatrgayam kelishsin. Teatr tarbiya o`chog`i ekanligini unutishmasin. 

                                                         Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1