Avvalroq, O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo`yicha shartnoma tuzgani haqida xabar berilgan edi.
Shundan so`ng, hududlarda pandemiyadan oldin navbatda turgan fuqarolar ro`yxatlarini shakllantirish, aviaqatnov jadvallarini ishlab chiqish, qo`shimcha to`lovlarni amalga oshirish va ziyoratchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish ishlari boshlab yuborildi.
Ayni kunlarda, O`zbekiston musulmonlari idorasiga OAV vakillari va mo`min-musulmonlardan umra ziyorati bo`yicha juda ko`p savollar bo`lmoqda. Idora tomonidan ushbu savollarga javoblar taqdim etildi.
Umra safari qachondan boshlanadi?
– Alloh nasib etsa, 2022 yil 22 yanvar kuni birinchi reysni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik ko`rilmoqda. Shundan so`ng 25, 28 yanvar kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi. Kelgusida muborak safarga reyslarni sezilarli darajada oshirib boriladi, insha Alloh.
Boshlanayotgan umra safariga qachon ro`yxatga yozilgan fuqarolar jo`natiladi?
– Joriy umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya`ni 2020 yil fevral oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to`lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.
Umra to`lovi qancha etib belgilandi?
— Pandemiyadan oldin, ya`ni 2020 yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to`lovlarni amalga oshirganlar qo`shimcha ravishda 4.770.000 so`m mablag` to`laydilar. Ushbu qo`shimcha to`lovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o`rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o`rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarni ta`minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig`i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarimizga xizmat qiladi...






