Mazkur holat bo`yicha Andijon viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o`rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko`ra, Andijon shahar Perinatal markazi hududida 12 tup “eldor qarag`ayi” daraxtlari moratoriy talablariga zid ravishda noqonuniy kesilganligi qayd etildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.02.2020 yildagi 93-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining ro`yxati”ga Eldor qarag`ayi (Pinus eldarica) juda chiroyli manzarali daraxt sifatida kiritilgan.
Mazkur holatda O`zbekiston Respublikasining “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunining 37-moddasi 2-bandi, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2021 yildagi “Respublikada ko`kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-46-sonli Farmonining 2-bandi talablari buzilganligi aniqlandi.
O`rganishlar davomida kesilgan daraxtlarning diametr o`lchamlari 12 sm dan 40 sm gacha ekanligi, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish natijasida o`simlik dunyosiga ko`p miqdorda zarar etkazilganligi qayd etildi.
Mazkur huquqbuzarlik holati bo`yicha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi.
Fursatdan foydalanib, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi rahbariyati barcha jamoatchilik vakillariga, jumladan, jurnalist va blogerlarga daraxtlarni muhofaza qilish masalasidagi tezkor yordami uchun minnatdorlik bildiradi.






