AsosiyJamiyat

SSV: Xususiy tibbiyot muassasalariga qator soliq imtiyozlari joriy qilindi

'SSV: Xususiy tibbiyot muassasalariga qator soliq imtiyozlari joriy qilindi'ning rasmi

2021 yil 29 dekabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun bilan xususiy tibbiyot muassasalariga bir qator soliq imtiyozlari joriy qilindi.

Xususan, Soliq kodeksining 243-moddasi 1-qismi 11 va 14-bandlariga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarga ko`ra:  

Tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlarni (bundan kosmetologik xizmatlar mustasno) realizasiya qilish bo`yicha aylanma soliq solishdan ozod etildi.

Tibbiy xizmatlar jumlasiga tibbiy yordam va sanitariya xizmati ko`rsatishga doir, tashxis qo`yish, profilaktika va davolash bo`yicha xizmatlar, stomatologik, shu jumladan tishlarni protezlash bo`yicha xizmatlar kirishi belgilandi.

Sanatoriy-kurort, sog`lomlashtirish xizmatlarini, jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizasiya qilish aylanma soliq solishdan ozod etildi.

Bunda, sanatoriy-kurort va sog`lomlashtirish xizmatlari jumlasiga sanatoriylar:

  •  shifoxonalar,  
  •  profilaktoriylar,
  •  kurortlar,  
  •  pansionatlar,  
  •  dam olish uylari va zonalari,  
  •  bolalar dam olish oromgohlari hamda boshqa dam olish tashkilotlari tomonidan ularning asosiy faoliyati doirasida ko`rsatiladigan, ular yuridik shaxslar yoki yuridik shaxslarning tarkibiy bo`linmalari tomonidan ko`rsatilishidan qat`i nazar, yo`llanmalar yoki joysiz davolanish uchun beriladigan hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan xizmatlar kirishi belgilandi.

Shu bilan birga, Soliq kodeksining 337-moddasi 1-qismi 4-bandiga ko`ra, tegishli lisenziya asosida tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko`rsatiladigan tibbiy xizmatlar bo`yicha, xususan:

  • tibbiy yordam xizmatlari va sanitariya xizmatlari ko`rsatish,  
  • tashxis qo`yish,  
  • profilaktika va davolash xizmatlari,  
  • stomatologik xizmatlar,
  • tish protezlarini o`rnatish xizmatlari bo`yicha (bundan kosmetologiya xizmatlari mustasno) foyda solig`iga 0% stavka qo`llanilishi belgilangan.

Xuddi shunday, Soliq kodeksining 428-moddasi 2-qismiga muvofiq:  

Sog`liqni saqlash ob`ektlari egallagan erlar (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort ob`ektlari band qilgan erlar mustasno) soliq solinmaydigan er uchastkalari jumlasiga kiradi.  

Bundan ko`rinadiki, xususiy tibbiyot bilan o`z egaligidagi erlarda, shu jumladan ijara asosidagi binolar joylashgan erlarda shug`ullanayotgan tadbirkorlik sub`ektlariga er solig`i bo`yicha ham keng imtiyozlar taqdim etilmoqda.  

Taqdim etilgan ushbu soliq imtiyozlari xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini sezilarli darajada mustahkamlash imkonini beradi.  

Bo`shagan mablag`lar ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat ko`rsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, yangi bino va inshootlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishga maqsadli yo`naltiriladi.

    Boshqa yangiliklar