Ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumanidagi 41-umumta`lim maktabi 8-sinf o`quvchisi "Bir million dasturchi" loyihasi doirasidagi IT tanlovining tuman bosqichida ham, viloyat bosqichida ham g`olib bo`lgani va unga “eski noutbuk” berilgani bo`yicha xabar bergan edi.
IT-park axborot xizmatining ma`lum qilishicha, tanlov g`oliblarini taqdirlash bilan bog`liq muammo bartaraf etilgan ko`rinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada aks etgan 15 yoshli Sardor Sattorov tanlovning tuman bosqichida g`olib bo`lib, viloyat bosqichiga yo`l olgan, ammo sovrinli o`rinni qo`lga kirita olmagan. Tashkilotchilar tomonidan yo`l qo`yilgan xatolik tufayli unga noutbuk o`rniga smartfon sovg`a qilingan.
Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida viloyat hokimligida matbuot anjumani tashkil etilib, unda hokimlik vakillari barcha aybdorlar jazolanishini ma`lum qildi. Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi ko`magida IT-park delegasiyasi ham o`z navbatida ushbu yosh, umidli bo`lajak mutaxassislar bilan suhbatlashib, kelgusida faoliyatlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida ularga Python dasturlash tili va IT uchun ingliz tili bo`yicha bepul kurslar taqdim etdi", - deyiladi xabarda.






