Bosh prokuratura Andijon viloyati perinatal markazi hududida noqonuniy ravishda daraxtlar kesilgani bilan bog`liq holat yuzasidan tuzilgan ishchi guruhining o`rganish natijalarini e`lon qildi.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu holat yuzasidan Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig`iga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
«O`zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi «Respublika ko`kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni bilan davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.
Shunga qaramasdan, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig`i G`.Sh. tomonidan Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi Eldor qarag`ayi (Pinus eldarica) navli 12 tup daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilganligi oqibatida tabiatga 115,5 mln. so`m miqdorida zarar etkazilgan.
O`tkazilgan tekshirish natijasiga ko`ra, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig`i G`.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi», deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.






