“Yo`qolgan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra:
- Ichki ishlar vazirligi tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi;
- 2022 yil 1 martdan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo`qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarishyoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatiladi;
- bu bo`yicha murojaatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham qabul qilish yo`lga qo`yiladi.
Bunda o`zining yoki yaqin qarindoshlarining (eri yoki xotini, farzandlari, nevaralari, aka-uka va opa-singillari) yo`qolgan ashyolarni topish bo`yicha jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning vakillari Markazga shaxsan kelib yoki YaIDXP orqali murojaat qiladi.
So`rovnoma to`ldirilib, unga yo`qotib qo`yilgan ashyoning alohida belgilarini aks ettiruvchi fotosuratlar, elektron ma`lumotlar, agar ashyo hujjat bo`lsa, uning nusxalari ilova qilinishi mumkin.
Topib olingan ashyolar Markazda 6 oy davomida saqlanadi.
Agar bu vaqt ichida topilmani olishga haqli bo`lgan shaxs aniqlanmasa, ashyoni topib olgan shaxsga uning ashyoga nisbatan mulk huquqi vujudga kelganligi to`g`risida xabar beriladi.
Ashyoni topib olgan shaxs uni qabul qilib olishni rad etgan taqdirda, ashyo davlat mulkiga o`tadi hamda 3 ish kunida “E-auksion” savdo maydonchasida elektron auksionga qo`yiladi.
Markazga kelib tushgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, guvohnomalar va turli xil rasmiy hujjatlar 1 oy ichida egalari tomonidan talab qilinmagan taqdirda, ushbu hujjatni bergan tashkilotga yuboriladi.
Yo`qolgan ashyoning topilmaganligi haqida ma`lumotnoma berilganligi uchun BHMning 5 foizi (13 500 so`m) miqdorida to`lov undiriladi.
YaIDXP orqali murojaat etilganda miqdor 10 800 so`mni tashkil etadi.
Ariza “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro`yxatga olingan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar tomonidan berilganda, to`lov BHMning 2 foizi (5 400 so`m) miqdorida undiriladi.
Mazkur tartib jinoyat va ma`muriy huquqbuzarliklar oqibatida yo`qolgan ashyolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Markazga xususiyati buziladigan, biologik tarkibga ega bo`lgan, turi, shakli, miqdori o`zgaradigan ashyolar, iste`mol qilinadigan mahsulotlar, avtomototransportlar, dori vositalari, qattiq ta`sir qiluvchi zaharli moddalar, psixotrop va giyohvandlik vositalari, ularning prekursorlari, portlovchi va pirotexnik moddalar, qurollar va ularning o`q-dorilari, shuningdek, hayvonlar qabul qilinmaydi.
2022 yil 1 martgacha yo`qolgan ashyolarni qidirish, topilmalar haqida ma`lumot olish imkoniyatini nazarda tutuvchi “Topilmalar” avtomatlashtirilgan qidiruv tizimi joriy etiladi.






