O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 yanvar kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining o`rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv avvalida Dmitriy Kozak Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Yaqinda o`tgan oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlarda erishilgan kelishuvlar O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash va ko`p qirrali munosabatlarni kengaytirishga kuchli sur`at bag`ishlagani alohida ta`kidlandi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, sanoat kooperasiyasi bo`yicha yirik loyihalar va ustuvor gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uning salohiyatini ro`yobga chiqarish muhim ekanini qayd etdi.
Markaziy Osiyoda ro`y bergan voqelardan kelib chiqib mintaqadagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.