O`zbekistonning Qohiradagi elchixonasi xabariga ko`ra, Misr Sog`liqni saqlash va aholi vazirligi mamlakatga havo, dengiz portlari va quruqlikdagi chegara o`tkazish punktlari orqali kirish tartibi to`g`risidagi yangilanishni e`lon qilgan.
Ta`kidlanishicha, 22 yanvardan boshlab Misrga boruvchi barcha fuqarolar (12 yoshgacha bo`lgan bolalar bundan mustasno) Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) yoki mamlakat Dori-darmon agentligi tomonidan tasdiqlangan koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganlik sertifikatlarini taqdim etishlari shart.
Shu bilan birga, «Sinopharm», «Sinovac», «AstraZeneca», «Sputnik V», «Moderna», «Pfizer» va «Johnson & Johnson» vaksinalari Misrning o`zida favqulodda foydalanish uchun ro`yxatga olingan.
Emlash sertifikatida tashrif buyuruvchi kelishidan kamida 14 kun oldin vaksinaning bir dozasi yoki ikki martalik vaksinaning oxirgi dozasini olganini ko`rsatishi kerak. Emlash sertifikati bo`lmasa, salbiy koronavirus testi (PZR testi va boshqalar) taqdim etilishi kerak. Shu bilan birga, Janubiy Afrika, Botsvana, Mozambik, Namibiya, Lesoto, Zimbabve va Esvatinidan kelganlar PZR testini yoki tezkor antigen testini taqdim etishlari lozim.
Koronavirusga qarshi emlash sertifikatlari yoki testlari Misr standartlariga javob bermasa, kelgandan keyin tezkor test talab qilinadi. Koronavirus uchun ijobiy natija aniqlangan taqdirda, kelgan shaxslar mehmonxonada yoki turar joyida besh kunlik karantindan o`tishi kerak. Infeksiya yuqtirganlar oltinchi kuni PZR testini o`tkazadi va kasallik belgilari bo`lmasa, ular o`z-o`zini izolyasiya qilishlari mumkin.
Shu munosabat bilan Misrga borishni rejalashtirayotgan O`zbekiston fuqarolaridan ham yangilangan epidemiyaga qarshi standartlarga e`tibor qaratishlari hamda borgan davlatida amaldagi profilaktika choralariga rioya etishlari so`ralgan.






