Pandemiya davrida koronavirus infeksiyasi va uning og`ir asoratlaridan qutilishning eng samarali yo`li kasallikka qarshi emlanish ekani bugun barchamizga ayon. Shu sababli dunyo olimlari insoniyatni virusga qarshi to`liq dozalarda vaksina olishga, agar olgan bo`lsa, buster doza bilan emlanishga chaqirmoqda.
Xo`sh, bu tavsiya qanchalik muhim? Ushbu doza bilan kimlar emlanadi?
SSV Matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo`lim boshlig`i Dilorom Tursunova bilan suhbatlashdi.
— 2021 yilning 1 aprelidan mamlakatimizda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlanib, shu kungacha jami 7 turdagi 49,8 mln. dozadan ortiq COVID-19ga qarshi vaksina olib kelindi, — deydi D. Tursunova. — Yaqin oylarda yurtimizga yana 12 mln. doza vaksina keltirilishi kutilyapti.
Ma`lumki, hozir koronavirus kasalligi tez-tez mutasiyaga uchrab, tashqi muhitga moslashmoqda. Bu esa unga qarshi kurashish usullarini yanada takomillashtirishni taqozo etadi.
Xususan, ayni paytda dunyo ekspertlari kasallikka qarshi to`liq dozalarda vaksina olgan shaxslarni buster doza bilan emlanishni tavsiya qilmoqda. Sababi vaqt o`tgach, emlangandan so`ng hosil bo`lgan antitanachalar miqdori pasaya boshlaydi va organizmni himoya qila olmaydigan darajaga tushib ketadi.
Buster doza bilan emlanish esa birlamchi vaksina olgandan keyin hosil bo`lgan immunitetni yuqori darajaga ko`tarib beradi. Ya`ni, bu orqali organizmning kurashuvchanlik qobiliyati oshadi.
Buster doza bilan hozircha koronavirusga qarshi 2 yoki 3 marotaba vaksina (to`liq emlash kursi) olganlar bir bor emlanishi mumkin. Buning uchun vaksinaning birinchi dozasi olinganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o`tgan bo`lishi lozim.
Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, buster doza vaksinadan foydalanish amaliyoti profilaktik tibbiyotda anchadan beri mavjud (shol, qizamiq, qizilcha, bo`g`ma va boshqalar) bo`lib, yurtimizda qator boshqariluvchi yuqumli kasalliklarning oldini olishda qo`llaniladi.






