Qozog`istonda o`tgan tartibsizliklar natijasida etkazilgan jami zarar hisoblab chiqildi. Buzilgan binolarni ta`mirlash va mulkka etkazilgan zararni hisobga olgan holda, u 136,8 milliard tengega (313,6 million dollar) baholanmoqda, deya xabar bermoqda “Interfaks” Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.
Agentlik ma`lumotlariga ko`ra, ushbu summaning 54,6 milliard tengesi (125,1 million dollar) davlat idoralariga etkazilgan zarar, 82,2 milliard tenge (188,4 million dollar) esa 1923 ta tadbirkorlik obektiga etkazilgan zarardir. Binolarni ta`mirlash 28,8 milliard tengega (66 million dollar) baholangan bo`lib, bu mablag`ga Qozog`iston prezidenti Qosim-Jomart Tokaevning Olmaotadagi qarorgohini qayta tiklash kirmasligi ta`kidlangan. Bino Prezident devoni tomonidan ta`mirlanadi.
Matbuot xabarida qayd etilishicha, Qozog`iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Kairbek Uskenbaev restavrasiya ishlarini moliyalashtirish va hukumatning favqulodda zaxirasi hisobidan zararni qoplash uchun byudjet arizasi tayyorlanayotganini ma`lum qilgan.
Qozog`istonda yanvar oyidagi tartibsizliklar chog`ida 351 ta ob`ekt, jumladan, 45 ta davlat binosi va 306 ta tijorat obekti zarar ko`rgan. Zarar mamlakatning sakkizta viloyatida qayd etilgan: Olmaota, Jambil, Qizilo`rda, Atirau, Aqto`be va Sharqiy Qozog`iston viloyatlarida, shuningdek, Olma-Ota va Chimkentda.
Eslatib o`tamiz, 2 yanvar kuni Qozog`istonda avtomobillar uchun gaz narxining keskin oshishi sababli ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi.






