AsosiySalomatlik

Bolalarga koronavirus yuqtirmasligi uchun nima qilish kerak? Mutaxassis javob berdi

'Bolalarga koronavirus yuqtirmasligi uchun nima qilish kerak? Mutaxassis javob berdi'ning rasmi

Koronavirus, ayniqsa uning yangi shtammi bolalarda qanday belgilar bilan namoyon bo`lmoqda? Farzandlarimizni bu yuqumli kasallikdan himoya qilish uchun nimalarga e`tibor berishimiz kerak? Umuman, vaziyat chindan ham xavotirlimi?  

Bu savollarga Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o`rinbosari Hilola Alimovadan javob berdi.   

— Hozir bolalarda kechayotgan koronavirus xastaligini gripp yoki oddiy shamollashdan farqlash qiyin. U asosan, isitma, ishtaha yo`qolishi, ko`ngil aynishi, quruq yo`tal, nafas qisishi, diareya, asabiylashish kabi belgilar bilan namoyon bo`ladi.

— Ota-onalar farzandi COVID-19 virusini yuqtirganiga shubha qilsa, qanday yo`l tutishlari kerak?

— Kasallik belgilari kuzatilsa, vrach tavsiyasiga ko`ra, PZR testi topshirilishi kerak.

Buning uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududlardagi bo`linmalariga, Toshkent shahrida esa har bir tumandagi maxsus COVID poliklinikalariga ham kunu tun murojaat qilishingiz mumkin.

— Bugun ko`pchilik ota-onalarni “bolamni koronavirusdan qanday himoya qilishim mumkin?” degan savol o`ylantirayotgani shubhasiz...

— Buning uchun, avvalo, ular o`zlarini virusdan himoya qilishlari lozim bo`ladi.  

Shuningdek, ota-onalar quyidagi tavsiyalarni beramiz:

  • Farzandingizning qo`llarini tez-tez yuving va ularga ko`p bosqichli qo`l yuvish texnikasini o`rgating.  
  • Bolaga jamoat joylaridan qaytganidan keyin qo`llarini yuvishdan oldin og`iz, burun, ko`zlarga tegmaslik kerakligini tushuntiring.  
  • Tibbiy niqob rejimiga rioya qiling.
  • 5 yoshdan katta bo`lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashni unutmang!
  • Bolaning immunitetini mustahkamlash ham muhim.  
  • Balanslangan ovqatlanish, jismoniy faollik (lekin me`yorida), aqliy faollik va hissiy barqarorlik, muntazam tibbiy nazorat infeksiyaning oldini olishga yordam beradi.  

— Qanday belgilar kuzatilsa, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilish kerak?

— Tana harorati yuqori ko`tarilishi, nafas olish qiyinlashishi, tez yoki sayoz nafas olish (chaqaloqlarda: ingrab nafas olish, emishdan bosh tortish), lablar yoki butun yuzning siyanozi (terining ko`kimtir tus olishi) kabi holatlar kuzatilsa, zudlik bilan oilaviy poliklinikaga yoki tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilishingiz tavsiya qilinadi.

    Boshqa yangiliklar