Joriy yilning 23 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqda "Matiz" rusumli avtomobil haydovchisi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik holati bo`yicha "Vaz-21063" rusumli avtomobil egasiga nisbatan jarima solish to`g`risidagi qaror chiqarilganligi aks etgan surat va izoh tarqaldi.
Mazkur holat o`rganildi, deya xabar bermoqda YHXBB Matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, Xorazm viloyati IIB JXX YHXB mas`ul xodimi tomonidan xatolikka yo`l qo`yilgan. Ya`ni, 2022 yilning 10 yanvar kuni soat 19:22da Xorazm viloyati, Urganch shahar hududidan o`tuvchi 4P-156 avtomobil yo`lining 2-kilometrida "Matiz" rusumli, 90D551CA davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi 70 km/soat tezlik chegaralangan joyda 77 km/soat tezlikda harakatlanganligi maxsus moslama yordamida qayd etilgan bo`lib, qayd etish vaqtida avtomatik tarzda 90D551CA davlat raqam belgisidagi "D" harfi "O" bo`lib, 90O551CA tarzida noto`g`ri qayd etilgan, mas`ul nazoratchi xodimning e`tiborsizligi sabab, ushbu jarima "Vaz-21063" rusumli, 90O551CA davlat raqam belgili avtomobil mulkdorining yashash manziliga yuborilganligi ma`lum bo`ldi.
Ayni vaqtda ushbu qoidabuzarlik yuzasidan "Vaz-21063" rusumli, 90O551CA davlat raqam belgili avtomobil mulkdori K.O.ga nisbatan tasdiqlangan jarima solish to`g`risidagi qaror belgilangan tartibda bekor qilinib, "Matiz" rusumli 90D551CA davlat raqam belgili avtomobil mulkdori J.E.ga nisbatan tasdiqlangan.
Shuningdek, ushbu xatolikka yo`l qo`ygan nazoratchi mas`ulga nisbatan Xorazm viloyati IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda.






