Energetika vazirligi Matbuot xizmati mavjud vaziyat yuzasidan rasmiy xabar bilan chiqdi.
Unga ko`ra, umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilib, respublikamizning yagona elektr tarmog`iga quvvat uzatish boshlandi.
Shuni ham aytib o`tishimiz kerakki, yuzaga kelgan nozosliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o`z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.
Shu sababli issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Hozirgi vaqtda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib respublikamizning ayrim hududlarida navbatma-navbat elektr energiyasi etkazib berilmoqda.
Energotizimda kuzatilgan nosozliklar sababli yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun barcha choralar ko`rilmoqda.
"Hurmatli Vatandoshlar! Energetiklar tomonidan amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar va hozirgi sharoitdan kelib chiqib sizdan energiya qurilmalaridan oqilona foydalanishingizni va xonadoningizda ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so`raymiz.
Bu sa`y-harakatlar ko`proq iste`molchilarni elektr energiyasi bilan ta`minlashga yordam beradi.
Vaziyatni to`g`ri baholab bizni qo`llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat!" - deyiladi xabarda.






