Yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o`z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda. Bu haqda bugun AOKAda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova ishtirokida o`tkazilgan brifingda ma`lum qilindi.
Shu sababli, issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Iste`molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta`minlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to`liq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha ob`ektlari va aholi iste`molchilariga yo`naltiriladi.
Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Shu bilan birgalikda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lmagan yuridik iste`molchilarga ham tabiiy gaz etkazib berish vaqtincha to`xtatiladi.
"Hurmatli iste`molchilar! Ushbu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad – birinchi navbatda aholi xonadonlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta`minlash hisoblanadi", - deyiladi vazirlik xabarida.






