Samarqand tumani “Shalgamon” mahallasida yashovchi 48 yoshli S.D. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, 31 yoshli D.A. uni, 38 yoshli dugonasi U.N.,ni hamda 40 yoshli tanishi D.F.,larni har birini 20.000 AQSh dollaridan, jami 60.000 AQSh dollar evaziga noqonuniy yo`llar bilan Meksika orqali AQSh hududiga kiritishni va`da qilganligini ma`lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.
Ushbu murojaat yuzasidan, 2022 yil 24 yanvar kuni soat 17:00 larda Samarqand shahar Universitet xiyoboni ko`chasida joylashgan “Zilol Baxt” mehmonxonasining oldida, Samarqand viloyat IIB JQB UJQKB va O`zbekiston Respublikasi DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, fuqaro D.A. S.D.,dan firibgarlik yo`li bilan 60.000 AQSh dollarini qonunga xilof ravishda qo`lga kiritgan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan hodisa joyida ushlanib, undan 60.000 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan D.A.,ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






