O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”ordeni sohibi, taniqli dramaturg, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Sharof Boshbekov 2022 yilning 26 yanvar kuni olamdan o`tdi.
Sharof Boshbekov 1951 yil 4 yanvarda Samarqand viloyati Bulung`ur tumani G`ubir qishlog`ida tug`ilgan. 1974 yili Toshkent teatr va rassomchilik san`ati institutini tamomlagan. O`qishni tugatgach, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida faoliyat ko`rsatgan. Shundan so`ng O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (1983-1985), O`zbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986-1987) adabiy xodim bo`lib xizmat qildi.
Sharof Boshbekov yozuvchilik ijodini 1980 yilda “Taqdir eshigi” nomli komediya bilan boshlagan. Shundan so`ng adibning birin-ketin yozilgan “G” varianti” (1981), “G`urur” (1982), “Jumboq” (1986) hikoyalari, “Tikansiz tipratikanlar”, “Musiqa sayyorasi”, “Tentak farishtalar”, “Tushov uzgan tulporlar” (1983) dramasi, “Eshik qoqqan kim?” (1987), “Eski shahar gavroshlari” (1998), “Temir xotin” (1989) kabi jiddiy komediyalari o`zbek dramaturgiyasi xazinasini boyitdi. “Temir xotin” komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qo`yildi. Mazkur asar avval Respublika miqiyosida o`tkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – “Gran-pri”ni qo`lga kiritdi, so`ngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida o`tkazilgan teatr festivalining mutloq g`olibi, deb topildi. Ushbu pesa asosida badiiy film, operetta ishlandi. Asar 1989 yilda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maqsud Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topildi.
Uning ssenariylari asosida “Ma`ruf va Sharif”, “Yuzsiz” (1993), “Tilla bola” (1994) kabi filmlar yaratildi. U “Masxaraboz” (1996), “Farhod va Shirin” filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida ishtirok etdi. Uning ssenariysi asosida “Charxpalak” teleseriali suratga olingan. Bundan tashqari, “Tentak farishtalar” (1995), “Zo`rdan zo`r chiqsa” (1996) kabi sahna asarlari ham respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi.
Hajviy hikoyalari “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasining “Yilning eng yaxshi hajviy asari” (1982) mukofotiga munosib ko`rilgan. “Mushtum” jurnalida e`lon qilingan “Buyuk maqtanchoqlik”, “Buyuk qo`rqoqlik”, “Buyuk baxtiyorlik” nomli publisistik maqolalariga jurnalning “Yilning eng yaxshi publisistik asari” (1992) mukofoti berilgan.
Mustaqillik yillari “O`yin” (2002), “Doka ro`molning qurishi” (2004) telefilm ssenariylarini yozdi, “So`qmoq” (2003), “Mehr va mauzer” (2007) kinoqissalarini yaratdi.
“Eshik qoqqan kim bo`ldi?” (1989), “Falakning gardishi” (2009), “Musofir bo`lmaguncha” (2009), “Tentak farishta” (2010), “Charxpalak” (2017), “Tanlangan asarlar” (“2021”) kabi to`plamlari nashr etilgan.
Adib drama va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asralar” kitobi uchun 2021 yili O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi g`olibi bo`ldi. Sharof Boshbekov 1996 yili “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2001 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
darakchi.uz jamoasi Sharof Boshbekovning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.