Ayni paytda prezident raisligida bo`lib o`tayotgan yig`ilishda Davlatimiz rahbari xalqimiz bugungi keng ko`lamli o`zgarishlarga katta ishonch bilan qarab, tezroq ularning samarasini ko`rishni istayotganini ta`kidlagan.
"Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta`minlashni nazarda tutamiz.
Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko`rsatish, sifatli ta`lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog`lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.
Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo`lgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo`g`iniga aylantirish vazifasini o`z oldimizga qo`ymoqdamiz.
Muxtasar aytganda, mahalla tinch bo`lsa, yurt tinch bo`ladi. Mahalla obod bo`lsa, butun mamlakat obod bo`ladi", dedi Prezident.
Shuningdek, yig`ilishda 2022 yilga mo`ljallangan davlat dasturi loyihasining muhokamasi jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod taklif kelib tushgani, ularning barchasi yo`nalishlar bo`yicha o`rganilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq yangi tashabbus bilan to`ldirilgani ma`lum qilingan.
"Odamlarimizning dastur muhokamasidagi faolligi, ularning islohotlarga bo`lgan ishonchi va daxldorligi ortib borayotgani xalqimiz yurtimizdagi o`zgarishlar jarayonini, tashabbuslarimizni qo`llab-quvvatlayotganidan yana bir bor dalolat beradi", dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari muhokamalarda faol ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirgan.






