Prezident Matbuot kotibining xabar berishicha, ayni paytda prezident raisligida bo`lib o`tayotgan yig`ilishda davlat rahbari Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo`yicha Davlat dasturi ijrosini tashkil etish bo`yicha ham qator topshiriqlar berdi.
"Bir narsani aniq tushunish lozim. Dasturda ko`zda tutilgan barcha chora-tadbirlar xalqimiz tomonidan katta ishonch bilan qizg`in qabul qilindi.
Ularning amaldagi ijrosini aholimizning barcha qatlamlari – o`rta sinf vakillari va tadbirkorlar, ziyolilar, byudjet sohasi xodimlari, harbiy xizmatchilar, faxriylarimiz, kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar – barcha-barchasi o`z kundalik hayotida sezishlari kerak" dedi davlat rahbari.
Jumladan, Qoraqalpog`iston va Xorazmda 1-4-sinf o`quvchilarini bepul nonushta yoki tushlik bilan ta`minlash, respublikadagi ichki yo`llar masalasi, irrigasiya-meliorasiya tadbirlariga doir vazifalar ko`rsatib o`tildi.
Respublika komissiyasi dasturdagi tadbirlar to`liq, o`z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish bo`yicha har oyda vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini eshitib, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berib boradi, har chorakda amalga oshirilgan ishlar natijasi, bu borada rahbarlarning javobgarligi bo`yicha Prezidentga axborot berib boradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi kotibiyat va departamentlari rahbarlari boshchiligida 7 ta yo`nalishda doimiy ishlovchi shtablar tuzilib, vazirlik, idora va hududlar bilan topshiriqlarning kunlik ijrosini tashkillashtiradi.






