Samarqandda o`zgani qo`rqitish orqali pul talab qilgan shaxs tergov qilinmoqda. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 22 yanvar kuni Samarqand shahar IIO FMB boshlig`i nomiga Yoshlar MFYda yashovchi 27 yoshli R.M. ariza bilan murojaat qilgan.
Fuqaro arizasida 2019 yilning dekabr oyidan 2021 yilning avgust oyiga qadar 21 yoshli A.Sh. u bilan yaqin munosabatda bo`lib yurganligini, ular o`rtalarida munosabatlari buzilganidan so`ng, A.Sh. uning sir bo`lib qolishni istagan fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, uydagilariga olib borib ko`rsatish bilan qo`rqitib, ushbu fotosuratlarini oshkor qilmaslik evaziga 450 AQSh dollar pul mablag`larini talab qilib kelayotganligini ma`lum qilgan. Fuqaro uni qo`rqitayotgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`ragan.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida A.Sh. Samarqand shahar Rudaki ko`chasida joylashgan “Buyuk humo” restorani yonida fuqaro R.M.,dan talab qilingan 450 AQSh dollaridan maxsus kimyoviy ishlov berilgan 250 AQSh dollari va 500.000 so`m pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, pul mablag`lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan A.Sh.,ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, A.Sh. jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.
Tergov jarayonida A.Sh., Rossiya Federasiyasiga ketish uchun pul zarur bo`lib qolganligi sababli ushbu jinoyatga qo`l urganligini ma`lum qilgan.
Hozirda tergov davom etmoqda.






