Fransiya — tibbiyot sohasida ham dunyoning peshqadam mamlakatlaridan biri. Shu sababli bu erga diagnostika, terapevtik muolajalar va murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun ko`plab davlatlardan bemorlar kelishadi.
Yana bir e`tiborli jihati, Fransiya aholisi o`rtasida yurak-qon tomir kasalliklaridan o`lim ko`rsatkichlari past darajada. Bularning barchasi tibbiyot sohasida ushbu mamlakat bilan hamkorlik qilish va tajriba almashish qanchalik muhimligini anglatadi.
Bugun Sog`liqni saqlash vazirligida Fransiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim bilan o`tkazilgan muloqotda ayni shu masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida elchiga pandemiya davrida Fransiya davlati tomonidan ko`rsatilgan amaliy yordam, jumladan, kornavirusga qarshi vaksinalar berilgani uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
O`z navbatida, Oreliya Bushez xonim Fransiya sog`liqni saqlash tizimi boshqaruvida alohida o`rin tutuvchi “AP-HP” — Fransiyaning davlat tibbiyot muassasalari assosiasiyasi faoliyati haqida to`xtalib, ushbu tuzilma bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yishni taklif qildi.
Ta`kidlanganidek, “AP-HP” nafaqat Evropa, balki butun dunyodagi eng yirik shifoxonalar tizimidir. U tibbiyotning 52 yo`nalishi bo`yicha innovasion echimlar asosida faoliyat olib boradi. Assosiasiyaga qarashli 44 ta shifoxonada 90 mingdan ziyod xodim yiliga 5,8 million nafardan ortiq bemorga xizmat ko`rsatadi.
Muloqot chog`ida ushbu assosiasiya bilan O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi o`rtasida anglashuv Memorandumini imzolashga kelishildi. Bu esa tibbiy sug`urta, davolash muassasalarini modernizasiyalash, talabalarni o`qitish, pediatriya, akusherlik-ginekologiya, gematologiya, onkologiya, oftalmalogiya, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati kabi qator yo`nalishlarda o`zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qolaversa, sog`liqni saqlash sohasida boshqaruv menejmenti tamoyillarini joriy qilish, farmasevtika sanoatini rivojlantirish va bu sohaga investisiyalar kiritish, kadrlar malakasini oshirish, sanitariya xavfsizligi sohalarida ham Fransiya tajribasini o`rganish va ommalashtirishga ehtiyoj yuqori.
Yana bir yangilik: shu yilning bahoridan O`zbekistondagi tibbiy laboratoriyalar xodimlarining Fransiya hukumati ko`magida ushbu davlatda malaka oshirishiga kelishildi.
Bundan tashqari, muloqotda nafaqat Fransiya, balki jahon aviasozlik sanoatida etakchi mavqega ega bo`lgan “Airbus” kompaniyasining vertolyotlaridan kelgusida mamlakatimiz shoshilinch tibbiy yordam xizmatida foydalanish masalasi yuzasidan ham fikr almashildi.