Prezident qarori bilan har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana – 30 yanvar kunini keng nishonlash belgilangan.
Mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o`zbek xalqining ulug` va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo`lboshchimiz g`oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og`ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O`zbekistonni jadal va barqaror sur`atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.
Islom Abdug`anievich Karimov o`zining serqirra siyosiy faoliyati, oliyjanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko`p asrlik tarixida o`chmas iz qoldirdi. U nafaqat O`zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro`-e`tiborga sazovor bo`lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi.






