Prezident raisligida videoselektor yig`ilishi davom etmoqda.
Yig`ilishda dunyoda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib borayotgani, mamlakatimizda so`nggi yillarda iqtisodiy o`sish, aholi turmush darajasi yaxshilanishi natijasida o`sish 2 foizni tashkil etib, yillik hosil bo`layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga etgani aytildi.
Lekin, ushbu chiqindilarni yig`ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizasiya qilish ahvoli qoniqarli emas, dedi davlatimiz rahbari.
Misol uchun, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi Andijonda – 45 foiz, Buxoroda – 43 foiz, Navoiy va Namanganda – 36 foizni tashkil etib, yaxshi natija ko`rsatilmoqda. Aksincha, Qoraqalpog`iston – 10 foiz, Farg`ona va Qashqadaryo – 20 foiz bilan qolgan hududlardan orqada.
Sababi - ushbu hududlarda maishiy chiqindilarni yig`ish va qayta ishlash klasterlari faoliyati hali tizimli yo`lga qo`yilmagan.
Shuningdek, chiqindilarni olib chiqish qamrovi 90 foizga etgan bo`lsada (2017 yilda atigi 25 foiz edi), 781 ta mahallada 30 yildan buyon chiqindini olib chiqish masalasi hal etilmagani tanqid qilindi.






