So`nggi kunlarda yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati kamayayotgani kuzatilmoqda.
Kasallikning tarqalganlik darajasi 0,8 ni tashkil etmoqda (JSST ekspertlari xulosasiga ko`ra bu ko`rsatkich 1,0 gacha bo`lsa vaziyat barqarorligini anglatadi).
Shuningdek, stasionardan chiqarilayotganlar sonining stasionarga yotqizilayotganlar soniga nisbatan hamda karantindan chiqarilayotganlar sonining karantinga olinayotganlar soniga nisbatan ham ijobiy tomonga siljish kuzatilmoqda.
Kasallikning yuqtirib olish manbai 35-43 % holatda kasallangan oila a`zosi yoki qarindoshlari, 6-7 % holatda bemor ko`shnilari, 10-12 % holatda jamoat joylaridagi muloqot va 4-5 % holatda ish joyidagi muloqot ekani aniqlanmoqda.
Tahlillariga ko`ra, bog`cha yoshidagi (3-6 yosh) bolalar o`rtasida kasallanish, uy qaramog`idagi shu yoshdagi bolalarga nisbatan (3-3,5 marta) kam uchramoqda.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ushbu jihatlar inobatga olinib, bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
"Xususan, 2022 yil 7 fevraldan boshlab umumta`lim maktablari, professional, kasb-hunar ta`lim va oliy ta`lim muassasalari, akademik liseylar hamda nodavlat ta`lim tashkilotlarida o`quv jarayoni an`anaviy shaklga o`tkaziladi.
Bunda, barcha ta`lim tashkilotlarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy rioya etish va antiseptik vositalardan muntazam foydalanish talab etiladi", - deyiladi.






